AsosiyDunyo

Britaniyalik yigit 24 soat ichida 12 ta mamlakatni aylanib chiqdi

Britaniyaning Yorkshir viloyatida yashovchi Adam Leyton (Adam Leyton) bir kunda 12 ta mamlakatga tashrif buyurib, dunyo rekordini o`rnatdi, deb xabar berdi “Tjournal.ru” nashri.

U 25 may kuni tonggi soat 7 da Germaniyadan yo`lga chiqib Lyuksemburgda, Fransiyada, Belgiyada, Gollandiyada, Daniyada, Shvesiyada, Polshada, Chexiyada, Slovakiyada, Vengriyada va Avstriyada bo`lishga ulgurdi.

Sayyoh bir sutka davomida Varshavadan Bratislavaga yo`l olgan poezdda atigi 2 soatgina uxlagan. U o`n ikkinchi mamlakat chegarasiga etib borishi uchun piyoda yo`l bosgan.

3 farzandning otasi bo`lmish, 39 yoshli sayyoh Adam Leyton Amerika shtatlarini avtomobilda bir sutkada bosib o`tishni rejalashtirgan uch sayyohdan ilhomlangan. U 2016 yilning yanvar oyida shaxsiy yo`nalishini belgilash ustida ish olib borib, uni mart oyida yakunlagan.

Avvaliga u sayyohatini 23 iyun — Buyuk Britaniyaning Evroittifoqqa a`zo bo`lishi yuzasidan o`tkazilishi lozim bo`lgan referendum kuni boshlashni rejalashtirgan, ammo keyinchalik rejasini poezdlarning harakatini hisobga olgan holda o`zgartirgan.

Leyton o`zining ekspress-turi bilan tug`ilgandan keyin bolasini yo`qotganlarga yordam beruvchi Sands nomli xayriya tashkilotiga ming funtdan ortiq pul tushishiga sabab bo`ldi. Ilgarigi dunyo rekordi 1993 yilda sutka davomida 11 mamlakatga tashrif buyurgan sayyoh tomonidan o`rnatilgan edi.


 

 

    Boshqa yangiliklar