Avval xabar qilganimizdek, kecha, 18 fevral kun Navoiy viloyatidagi savdo markazida 4- va 5- qavat oralig`ida eskalatordan bobo va uning qo`lidagi nabirasi tushib ketdi.
Eslatib o`tamiz, 1969 yilda tug`ilgan fuqaro Sh.T. voqea joyida vafot etgan. Tan jarohati olgan 3 yoshli nabira A.T. esa zudlik bilan viloyat ko`p tarmoqli bolalar tibbiyot markaziga yotqizilgan.
Shundan so`ng unda standart bo`yicha nevrologik, ultratovush va bosh miya MSKTsi kabi qator tekshiruvlar amalga oshirilgan.
Bemor A.T.ga "Qo`shma jarohat. Bosh miya yopiq jarohati. Bosh miya lat eyishi. O`rta og`ir darajasi. Peshona sohasi yumshoq to`qimalari lat eyishi. O`ng tomonlama chanoq suyaklari sinib siljishi. O`ng o`pka lat eyishi. Chap son pastki uchligi yumshoq to`qimalari lat eyishi" dastlabki tashxisi qo`yilgan.
Sog`liqni saqlash vazirligi uning holatini nazoratga olgan. Tibbiyot xodimlari stabil og`ir ahvoldagi bemorning hayotini saqlab qolish uchun kurashmoqda. Unga standart asosida tegishli tibbiy yordam ko`rsatilyapti.






