AsosiyJamiyat

O`zbekistonda 800-900 gramm chaqaloqda ham jarrohlik amaliyotlari o`tkazilishi mumkin

'O`zbekistonda 800-900 gramm chaqaloqda ham jarrohlik amaliyotlari o`tkazilishi mumkin'ning rasmi

SSV Matbuot xizmati tibbiyot fanlari doktori, professor, II darajali “Salomatlik” ordeni sohibi Baxtiyor Ergashev bilan yurtimizda neonatal xirurgiya istiqbollariga doir suhbat o`tkazdi:

“Intensiv palata” tajribasi

—  Neonatal xirurgiya o`quv-davolash-metodik markazimizda yangi tajribani yo`lga qo`yganmiz, — deydi muassasa rahbari B. Ergashev. — Ya`ni Xirurgiya bo`limining o`zida intensiv palata tashkil etildi. Bu kichik reanimasiya xonasi bo`lib, chaqaloq operasiyadan oldin ham, keyin ham shu erga yotqiziladi.

Bu tajriba xirurglarning mas`uliyatini ikki karra oshiradi. Chunki jarroh operasiyadan keyin bemorni reanimatolog-shifokorga topshirgach, uning keyingi ahvolidan bexabar qoladi. Endilikda har bir xirurg chaqaloqning tug`ilishidan to operasiyadan keyingi muolajalargacha bo`lgan jarayonlarni bevosita nazorat qilib boradi.

800-900 gramm chaqaloqda ham jarrohlik amaliyotlari o`tkazilishi mumkin

—  Erta tug`uruqlarda ham jarrohlik amaliyotlari o`tkazishga to`g`ri keladi. Hatto, bunday operasiyalar tibbiy ko`rsatmaga muvofiq, 800-900 grammlik chaqaloqlarda ham bajarilishi mumkin.  

Muassasamizga Qozog`iston va Tojikiston kabi qo`shni davlatlardan ham bemorlar olib kelinadi. Shunday ekan imkoniyatlarimizni yanada kengaytirish zarur. Bu ko`proq tibbiy texnologiya masalasiga borib taqaladi. Shunga qaramay, o`tgan yili 2020 yilga nisbatan 7,8 foizdan ortiq bemor qamrab olindi.  

Hududlar uchun 40 nafardan ziyod neonatal xirurg tayyorlandi

—  O`quv-davolash-metodik markazi bo`lgani uchun muassasamizda mutaxassislar tayyorlash ishlari ham yo`lga qo`yilgan. Jumladan, o`tgan davr mobaynida 4 ta viloyatdagi hududiy markazlarimiz uchun 40 nafardan ortiq neonatal xirurg tayyorlandi. Kelgusida bu yo`nalishda mutaxassislar tayyorlash qamrovi va sifatini yanada oshirishni maqsad qilganmiz.

    Boshqa yangiliklar