Namangan viloyati Uchqo`rg`on tumanidagi 13-maktabda dars tayyorlamagan 1 sinf o`quvchilari doskaga chiqarilib, o`qituvchi tomonidan izza qilingan, oqibatda o`qituvchi ishdan olingan. Bu haqda viloyat xalq ta`limi bo`limi xabar bergan.
Biroq "Yoshlar" telekanalining "Yangi davr" informasion dasturida ma`lum qilinishicha, izza qilingan o`quvchilar ota-onalari sinf rahbarining ishdan ketmasligini so`ramoqda.
Qayd etilishicha, ota-onalar o`qituvchining ishdan olinmasligi lozimligi faoliyatini davom ettirishi kerakligini ta`kidlashgan.
"Bolalar bilimi pasayib ketmasligi uchun karantin payti o`zi uyma-uy yurib o`quvchilarni o`qitib kelgan payti ham bo`lgan bu ayolni", — degan o`quvchilardan birining otasi.
Ma`lum bo`lishicha, videoni ustozning o`zi tasvirga olgan. Bundan maqsad bolalar darslarni bajarmayotganini ota-onalariga ko`rsatish bo`lgan.
"O`quvchilarimning ota-onalari bilan shaxsiy guruh ochganmiz. Bolalarning kamchiligi, darslarni bajarmayotgani haqida ular bilan muhokama qilib turardik. Videoni o`zim olib, ota-onalarga yuborganman. Bunda mana shu o`quvchilar xulosa chiqarib olsin, degan maqsad bor edi, yomon niyatda qilinmagan. Bu ishimdan pushaymonman, bu holat boshqa qaytarilmaydi", — deya qayd etgan u.
Holat yuzasidan sinf rahbari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan. Mehnat kodeksining 181-moddasi (intizomiy jazolar) 1-bandiga ko`ra, o`z vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragani uchun ta`lim muassasasi direktori, ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha direktor o`rinbosariga hayfsan intizomiy jazo chorasi qo`llangan, o`quv ishlari bo`yicha direktor o`rinbosari esa jiddiy ogohlantirilgan.






