AsosiyJamiyat

“Va`da quruq, bajarilsa ulug`”. Yoxud imtiyozli kreditlardagi uch tomonlama shartnoma mashmashalari xususida

'“Va`da quruq, bajarilsa ulug`”. Yoxud imtiyozli kreditlardagi uch tomonlama shartnoma mashmashalari xususida'ning rasmi

Tadbirkorlik faoliyatini endigina boshlayotgan yurtdoshlarimiz bankdan imtiyozli kreditlar olib, o`z ish faoliyatini boshlashga harakat qiladi. Qo`lida mablag`i yo`q inson uchun kredit bir imkoniyatdir. Bugun banklar tomonidan yakka tartibdagi tadbirkorlarga ajratilayotgan imtiyozli kreditlar berilishida  bank, tadbirkor va ta`minotchi o`rtasida tuzilayotgan shartnomalar mavjud.  Uch tomonlama tuzilgan shartnomalar sharti ko`p hollarda  ta`minotchilar tomonidan buzilayotganini guvohi bo`lmoqdamiz.

Samarqand viloyati Ishtixon tumani “Kattaqangli” MFY 37-uyda yashovchi fuqaro Gulhayo Saydullaeva 2022 yil 12 yanvar kuni Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish federasiyasi “ ishonch telefoni”ga murojaat qilgan.  U o`z murojaatida Agrobankdan tikuvchilik faoliyatini boshlash uchun 27 million 300 ming so`m  imtiyozli kredit olganini ma`lum qilgan. Yuqorida keltirganimiz uch tomonlama shartnomaga muvofiq tadbirkor Gulhayo Saydullaevaga ta`minotchi Komil Tuyg`unov tomonidan 27 300 000 so`m evaziga tikuv mashinasi va xom ashyo etkazib berilishi kerak bo`lgan.  Mablag` bank tomonidan ta`minotchiga o`z vaqtida  o`tkazilgan bo`lsa ham, kelishuvga binoan Komil Tuyg`unov tadbirkorga vaqtida tikuv mashinasi va xom ashyolarni etkazib bermaganidan G. Saydullaeva norozilik bildirgan.

Bu kabi vaziyatda va`da berib, vaqtida bajarmaslik insoniylik prinsiplariga ham qonuniylik tamoyillariga ham to`g`ri kelmaydi. Samarqand viloyati  Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari tomonidan ushbu murojaat o`rganildi. Ta`minotchi Komil Tuyg`unovga shartnomani bajarish tamoyillari tushuntirildi. Iste`molchining huquqlari qonuniy jihatdan himoyalanib, murojaati ijobiy hal etildi. G.Saydullaevaga 27 300 000 so`mga tikuv mashinasi va xom ashyolar etkazib berildi. Hal etilgan bu murojaatning tag zamirida bir ayol taqdiri, orzu-maqsadlari turibdi. Bugun shartnoma shartini bajarmayotgan, va`da berib cho`zib yurgan ta`minotchilar bir o`ylab ko`rishsin, ularning bunday o`yinlari natijasida kimningdir oilasi, yosh go`daklari jabr chekishi, endigina tadbirkorlikka qadam qo`yayotgan bir insonning  qaddi bukilishi mumkin. Insonlar taqdirini esa uyin qilib bo`lmaydi!

                                                                                   

Gulnoza Sharafova, jurnalist

                                                                               

    Boshqa yangiliklar