AsosiyJamiyat

Qozog`istondagi vatandoshlar o`rtasida O`zbekiston elchisi kubogi o`tkazildi

'Qozog`istondagi vatandoshlar o`rtasida O`zbekiston elchisi kubogi o`tkazildi'ning rasmi

Qozog`istonda ta`lim olayotgan  O`zbekiston fuqarolari o`rtasida «Zakovat» intellektual  o`yini doirasida «O`zbekiston Respublikasining  Qozog`iston Respublikasidagi elchisi kubogi-2022» tanlovi o`tkazildi.

Tanlovning birinchi tur o`yini kecha, 20 fevral kuni O`zbekiston elchixonasi binosida o`tkazildi. Unda  Ostona tibbiyot universiteti,  L.M.Gumilyov nomidagi Evrosiyo milliy universiteti, M.S.Narikbaev nomidagi Qozog`iston ijtimoiy-yuridik universiteti va Qarag`anda viloyatidagi «Bolashaq» akademiyasida tahsil olayotgan yosh vatandoshlarimiz ishtirok etdi.

Birinchi tur natijalariga ko`ra, M.S.Narikbaev nomidagi Qozog`iston ijtimoiy-yuridik universiteti  jamoasi birinchi o`rinni egalladi. Ikkinchi o`rin «Bolashaq» akademiyasi va uchinchi o`rin L.M.Gumilev nomidagi Evrosiyo milliy universiteti jamoalariga nasib etdi.

G`olib jamoalarga elchixona nomidan diplom va qimmatbaho sovg`alar topshirildi.

«Bolashaq» akademiyasining Talabalarga xizmat ko`rsatish markazi rahbari Aydana Apeeva «Zakovat» intellektual o`yinlari bundan oldin  Akademiyada o`tkazilganini yodga oldi.

«O`zbekiston elchixonasi tomonidan tashkil etilgan ushbu bilimlar musobaqasi juda yuqori saviyada tashkil etildi, - dedi u. - O`yinlar  juda qiziqarli ruhda o`tdi. Talabalar shu tariqa o`z bilimlarini sinovdan o`tkazishdi.

«Zakovat» bilim olishga va kitob o`qishga intilayotgan yoshlarning yangi qirralarini kashf etishga xizmat qiladi. Shu bois o`zbekistonlik talabalarning har yili bunday tadbirlarda ishtirokini ta`minlashga yaqindan ko`mak berishga tayyor ekanligimni bildirishni istar edim».

«O`zbekiston Respublikasining  Qozog`iston Respublikasidagi elchisi kubogi-2022» turnirining navbatdagi bosqichi bellashuvlari  shu yil mart oyida  Olmaota  shahri va Olmaota viloyati oliy ta`lim muassasalarida tahsil olayotgan O`zbekiston fuqarolari o`rtasida o`tkaziladi.

    Boshqa yangiliklar