AsosiyJamiyat

Ular nega adashdilar?

'Ular nega adashdilar?'ning rasmi

Respublika qiz bolalar o`quv-tarbiya muassasasi haqida eshitganmisiz? Unda ota-onasi, u yoki bu yaqinlari tomonidan keltirilgan  14-18 yoshgacha bo`lgan qizaloqlar yashaydi. Tarbiya hayot-mamot masalasiga qiyoslanishida hikmat ko`p, bo`lmasa, ota-ona o`z farzandini bag`ridan yulib, bu erga yuborarmidi?! 

Keltiradi, farzandiga vaqtida to`g`ri tarbiya berolmaganlar so`nggi najot sifatida ko`radi bu manzilni. O`z ota-onasi bilan til topisha olmagan bolalar endi boshqa millat, boshqa din vakili bo`lgan tengdoshlari bilan ahillikda yashashni o`rganadi. To`g`ri tarbiyaning asosi hamma millat qarashlarida va deyarli barcha dinda mavjud. Shu tufayli dunyoda ko`plab ziyolilar qaysi dinga amal qilish emas, balki tarbiya to`g`ri berilishi kerak, degan xulosaga kelishgan.

Maqola davomida qizaloqlarga so`z beramiz, ularning kichikkina yoshda o`zi misolida yaratgan katta hikoyalari sizni ham be`etibor qoldirmaydi va mana shular orqali jamiyatimizdagi ko`plab muammolarga echim topilishiga ishonamiz.

Dastlabki suhbatdoshimiz Rayhona Jonuzoqova 17 yoshda. Millati o`zbek. Toshkent  viloyati Nurafshon shahridan. Ziyoli oilani farzandi. 

- 17 yoshimni mana shu erda, yaqinlarimsiz nishonladim. Juda chiroyli tadbir uyushtirildi. Lekin nimadir kemtik. Nimamnidir yo`qotgandek bo`ldim. O`shanda angladim  nimalar qilib qo`yganligimni. Ota-onalar farzandini "tikan"i bo`lsa ham yumshog`im, der ekan. Meni ham shuncha zirapcha kabi qiliqlarimga qaramay qo`li emas, boshida katta qilishdi. Ular menga barcha sharoitni yaratib berdilar, o`zlari 1 ta kam kiyim kiyishsa ham, men istaganimni olardim. Dugonalarim bir yilda bitta oladigan sumkani men 2 xilini taqardim. Akalarim ham, dadam ham biror marta qattiq gapirmaganlar, urishmaganlar. Men: "Ota-onamni bo`ynidagi vazifasi shu, ular ko`nglimga qarashga majbur", deb o`ylardim. Bu erda xulosa qilishim uchun etarlicha vaqtim bo`ldi. Ular meni hayotim, borim ekan, ularsiz men hech kim emaskanman. 

Bu muassasada turli millatli, turfa dinli, o`zgacha urf-odat va qarashlarga ega qizlar bor. O`z yaqinlari bilan kelisha olmagan biz kabi qizlar, endi boshqa millat vakillarini tushuna olyapmiz, qanday bo`lish insonni o`ziga bog`liq ekan. Yaxshi bo`lsang, hammadan yaxshilik ko`rasan, hatto boshqa millat vakillari bilan bir-birimizni tilimizni o`rganyapmiz. Urf-odatlarimiz haqida gaplashamiz, hammasi ham yaxshilikka chorlaydi. Tarbiyalanuvchi qizlarni ba`zilarini hech kimi yo`q. Ular bilan "Bir kemaga tushganni joni bir", deb yaxshi-yomon kunlarimizda jips bo`lib birgalikda yashamoqdamiz. 2021 yil 17 fevralda bu erga kelgandim. Sharoit juda yaxshi. Bu erda turli to`garaklar va qo`shimcha darslarga qatnashaman.  Adabiyotshunoslikga qiziqaman. Chiqqanimdan so`ng, ota-onam orzusini ro`yobga chiqarish, ona-tili adabiyotdan dars berishni istayman, she`r ham yozib turaman.  Kunlarim qiziqarli, maroqli o`tadi.  Har xil suhbatlar bo`ladi. O`qituvchilar, psixologlar biz bilan ishlaydi. Maktabdagi barcha ustoz-tarbiyachilar qo`l berib, bag`rini ochib, qo`llayapti bizni. 

9 oy oldingi Rayhona qo`rqardi, 1 ta narsadan ajralolmasdi. Hozir ancha dadilman, maqsad qo`ydim oldimga, o`shanga intilish barobarida, odamlarga yaxshi xislatlarimni namoyon eta olayapman. O`zimga ishonchni yordam qo`li orqali yanada mustahkamladim. Endi biror masalada qaror qabul qilishda shoshilmayman, avvalgi xatoyimni takrorlashni xohlamayman, ko`chadagilarni gapiga quloq solmayman. Kelgusida o`zimni yaqinlarim, otam, onam, akalarim bilan maslahatlashib, ularni fikri bilan o`zimnikini qo`shgan holda bir qarorga kelaman. 

Ko`pchilik bu erga kelishni "fojia" darajasida baholaydi. Aslida bu erga kelmaganimda fojiani kattasi bo`lishi mumkin edi. Ota-onami to`g`ri gapini tushunmagan ekanman. Fursatdan foydalanib ulardan, yaqinlarimdan kechirim so`ramoqchiman. Ularni qadriga etaman xudo xohlasa. Hechdan ko`ra kech, deb tushundim xatolarimni va ularni tuzatish harakatidaman!

Tatyana Uvarova, 17 yoshda. Toshkent shahridan. Millati tatar. 2021 yil mart oyidan buyon shu erda tarbiyalanmoqda. 3 ta tilda muloqot qila oladi. Ingliz tilidan IELTS 5.5 sertifikati bor. 

-Avval buvim bilan yashaganman. Ota-onam men 6 oylik chaqaloqligimda buvimga tashlab, xorijga ketganlar. Onam Rossiyada yashaydi, menga qarashga vaqtlari bo`lmagan. Chunki ular "bizneswomen". Dadam Qozog`iston fuqarosi... Meni buvim esa farishta. Lekin juda muammosi ko`p, kir yuvadi, uy yig`ishtiradi, ovqat qiladi... Ularni xafa qilishni istamasdim, ammo  ba`zan ularni eshitishni istamaganman, ba`zan ular meni eshitmaganlar... xato qildim, boshqa qilmayman...

Men odamlari kulib yashaydigan quyoshli yurt- O`zbekistonda tug`ildim, bu erda hamma odamlar yaxshi, hammasi bir-biriga mehr berib yashaydi, o`zbeklar samimiy insonlar. Men ularni orasida yashayapmanmi, demak birinchi navbatda ularni tiliga hurmat ko`rsatishim kerak deb o`yladim. Men kelganimda hamma o`zbek tilini bilardi. "Nega shunaqasan Tanya, nega sen hamma bilgan tilni bilmaysan", deb o`zimni koyidim. Keyin bu tilni o`rganishga kirishib ketdim. O`zbeklar bilan yashayotganimdan xursandman. Bu maktabga kelmaganimda ham yaxshi bo`lmasdi, ko`chada holim ne kechardi?!  Bu erda meni yomonliklardan va yomonlardan saqlayapti, 5 mahal ovqat beradi, bilim beradi, psixologlar menga e`tibor qiladi, ustozlardan nima so`rasam aytib beradi,"Direktoroyim"bizni eshitadilar. Meni boshqa millat vakili ekanligimni sezdirishmaydi, barchaga birdek munosabatda bo`lishadi. Boshqa millat vakili bo`lgan qizlar bilan kulishib o`tiramiz, orzular qilamiz. Xayolan kelajakni yaratamiz. Kelajakdagi aktrisa rolini o`zim uchun tanlab olganman. Hozir har bir fanni chuqur o`rganayapman, kelajakda farzandlarimga o`rgataman. O`zim bilmasam ularga kim bilim beradi?! Men o`zbek yigiti bilan oila quraman, 3 ta o`g`il, 2 ta qizimiz bo`ladi. Zo`r ona bo`lmoqchiman, ularga mehr beraman, ularni doim eshitaman. Bu erdan chiqib, juda baxtli inson bo`laman. Men ko`p narsa o`rgandim, hayotdagi xulosalarim asosida ayta olamanki, inson insonni qadrlashi, saqlashi kerak ekan. Bizda hamma narsa bor, nafas olyapmiz, sog`lom insonmiz, kulib yashash kerak doim. Yana Yaratganga shukr qilishni kanda qilmayapman, boshqalar ham shunday qilishini istayman.

Nasibahon Soipova, Toshkent viloyati, Oqqo`rg`on tumanidan. 7 oy avval tarbiyalanuvchilar safiga qo`shilgan. Millati o`zbek.

-Avvallari Respublika dizayn maktabida o`qirdim. Dadam oliy ma`lumotli shifokor, onam oliy ma`lumotli o`qituvchi. Ular doim xohish istaklarimni bajarib kelishgan.Tarozi pallasida faqat men bo`lib qolgandim, ular o`zidan ko`proq meni o`ylaganlari uchun. Oxir tarozi pallasi men tomonga egilib, ag`anadi…Hammayam xato qilarkan. Faqat vaqti kelganda energiyani to`g`ri tomonga sarf qilish kerak ekan.  Avvalambor bir nimaga bir nima sababchi bo`larkan.  Anglab etdim onaday hech kim bo`lolmaydi, boshqa ota-ona hech qaerda topilmaskan. Anglaganim, baxt bu - oila!

Qizlarni bu erga kelishiga o`zlari aybdor, deb o`ylayman. Dunyo - magnit, yomon xayollarni, yomonliklarni chiqazib yuborish kerak. Koinotga berayotganimiz o`zimizga qaytadi, bumerang bo`ladi. Shuning uchun faqat yaxshiliklarga intilayapman. Kelganimda ota-onamni kechirolmadim, meni bervordiku, dedim. Ikki oygacha bu er menga yoqmadi. Muhitga moslashish qiyin bo`ldi. Ko`proq vaqtimi kitobga sarfladim.  Sog`inch bo`ldi, ko`proq onamni sog`inaman. Har bitta ish qilayotganimda onamni harakatlari ko`zim oldiga keldi. Aslida ko`proq menga buvim qaraganlar. Buvimning vafotidan keyin onam bilan yashadim. O`ylayman, buvim o`tganlari menga ko`proq ta`sir qildimikan deb. Uyimizda yashagan paytimda judayam asabiy edim. Baqir-chaqir, ruchka otish... agressiv bo`lib qolgandim, lekin oyim doim qo`lladilar. Muomala bilan inson har qanaqa vaziyatdan chiqib ketolarkan. To`g`rilayman xatolarimni, Hamma kabi menga ham ko`p bor imkon berildi, o`sha imkoniyatlardan endi to`g`ri foydalanaman.  Chiroyli niyatlar qilishni boshladim. Kelganimga 4 oy bo`lganda men o`zgara boshladim. Boshqa qizlar bilan o`rtoq bo`ldim. "Men" degan qarash bor edi avvallari. Endi "biz", "birlik" paydo bo`ldi. Oldin ko`p psixologga qatnaganman foydasi bo`lmagandi. Bu erda boshqa qizlar bilan, tengdoshlarim bilan birgalikda harakat qilayapmiz, birdamlikda gap ko`p ekan!.. 

Orzularimdan eng kattasi yaxshi ona bo`lmoqchiman, farzandlarimga to`g`ri tarbiya beraman. Undan oldin jamiyatga foyda keltirishim ham kerak. Bu erga kelib o`qishga qiziqishim ancha o`nglandi. Eng katta maqsadim - dadam kabi shifokor bo`lish.  Jarroh bo`lish uchun biologiya fanini o`qiyapman, hozirda Mendeleev jadvalini yodlash bilan bandman. Juda ko`p kitob o`qidim. 1 oyda 10 ga yaqin kitoblar mutolaasi bilan band bo`lyapman. Tohir Malikni kitoblarini yaxshi ko`raman. Bilamanki, "Sohilsiz dengiz"ni hayotimga ta`siri ko`proq bo`ldi. Bitta farzandman, avval onam bola asrab olmoqchi ekanlarida qarshilik qilgandim. Shukrona daftarimga yozib qo`ydim: Onam bilan bola boqib olamiz…

Flora Ridanova, 17 yoshda. Bolalar uyi tarbiyalanuvchisi. Hozirda Qiz bolalar o`quv-tarbiya maktabida yashamoqda. Millati armenka.

-Juda kichikligimdan hayot sinovlari meni ulg`aytirib qo`ydi. Bolalikning eng go`zal davrlarida ham, shodiyona, baxtli kunlarimda ham menda qandaydir kemtiklik bo`lgan. Xayolimda javobsiz savollar aylanadi, ota-onam kim, ular qanday insonlar, mayli ular meni qabul qilishmasin, mayli meni tan olmasinlar, yashamasinlar men bilan, lekin baribir ularni ko`rgim keladi. (Keyinroq bilishimizcha, u onasini topgan, ammo ona qizini qabul qilmagan...insof bersin bizlarga!) She`r yozaman, juda ko`pi onam haqida, ko`z oldimda gavdalantiraman mehribon bir ayolni... Avvallari Onam meni tashlab ketgani uchun ko`p nafrat bilan yozganman. Hozir bundan xafamasman, u inson bo`lmaganda, men bu erda turmasdim. Shu erda sizlar bilan gaplashib o`tirolmasdim... 

Inson faqat samimiy bo`lishi kerak, xo`p deyishni, pas kelishni bilishi kerak ekan.  Men kim bilandir urishib qolsam, uni yomon gaplarini, haqoratlarini teskari qabul qilaman, shunga o`rgandim. Urush-janjal bilan hech narsaga erishib bo`lmaskan... 

"O`tish davrim"da jizzaki bo`lib qolgandim, tarbiyachilarimni gapiga kirmadim. Detdom(bolalar uyi)ga yangi qizlar kelgandi, menda vaqt mashinasi bo`lganida ularga qo`shilmagan bo`lardim. Eng katta xatoyim shu bo`ldi. 

Orzularim ko`p. Men psixolog bo`lmoqchiman. O`zim kabi oqdan qorani ajratolmaydigan qizlarga o`z yo`lini topib olishlarida yordam beraman. Eng asosiysi shunday mehribon ona bo`lamanki, farzandimni hech qachon tashlab ketmayman. 

Valeriya Litus, 16 yoshda. Qarshi shahrida tug`ilgan, keyinchalik(ushbu maktabga kelishidan oldin)Toshkentda yashagan. Millati rus.

-Onam 2017 yil qazo qildilar. Biz dadam bilan bir-birimizni unchalik yaxshi ko`rolmadik. Dadamni singisi meni Toshkentga olib ketdilar. Ammam bilan ham baxtli yashab ketolmadik, u doim meni aybdor qilardi, uni yaxshi ko`rmasdim. "Sen yomonsan", deyaverardi, dadamni shu holga tushishida men sababchi edim ularni nazarida. Men kelajakda ularga yaxshi ekanligimni isbotlamoqchiman. Baribir o`zimda ham xato bo`lgan, endi chiqib kechirim so`ramoqchiman. Rossiyada xolam va akam bor. Bu erdan chiqib, o`qiyman, rejissyor bo`laman va Rossiyaga ketaman. Onamni eslatadigan birgina inson xolam, ularni oldilariga ketmasam bo`lmaydi. 

O`zim oila qurishni istamayman, kerakmas deb o`ylayman. Oilamdan, yaqinimdagilardan misol... er kerakmas menga. Birinchi karera qilmoqchiman, dunyodan izsiz o`tishni xohlamasdim... Bizga rejissyorlar keladi ulardan o`rganyapman. Til o`rganyapman. Nimadir ishim bo`lmasa, kitob olaman qo`limga. Savol bersam, kitoblar javob berayapti menga, odamlar emas kitob! Chindan ham o`qish mening eng sevimli xobbim. Do`stim yo`q, hamma yaxshi bu erda,  hamma bilan yaxshi kelishaman. O`zbek tilini 9 oyda o`rganib ketdim. O`zbeklar yaxshi insonlar, mehribon ular doim: keling-keling choy ichamiz, keling suhbatlashamiz, deydi. Biz ruslarda choyni qo`yib "ma ich", deydi bo`ldi. O`zbeklar eganingizdan so`ng, uyga ham olib keting, deyishadi shu xislatlarini juda yaxshi ko`raman.

Kelajakda komediya filmlar olmoqchiman. Birinchi o`zimni hayotimni kino qilaman. Keyingi mavzularim ham qizlar haqida bo`ladi. Bilmadim, negadir bu erdagi qizlar taqdir yo`lini hammaga ko`rsatishni istayman. 3 ta birga o`qiydigan qizlarimiz bor edi, ulardan biri Rossiyaga ketdi. Bu erda o`qidi, o`zini o`nglab oldi, bir so`z bilan aytganda, hayoti izga tushib ketdi... Men ham bu erda ko`p narsa o`rgandim, sinfda eng aktiv qiz o`zimman. Avval aytganimdek kitoblar meni eng yaqin do`stlarim, ular bilan so`zlashish juda maroqli, ishonmasangiz sinab ko`ring...

Madina ABDUSAMADOVA,
jurnalist 

    Boshqa yangiliklar