Bugun, 22-fevral kuni O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov O`zbekistonga amaliy tashrif bilan kelgan Evropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo`yicha Maxsus vakili Teri Xakala hamda EIning Afg`oniston bo`yicha Maxsus elchisi Tomas Niklassonni qabul qildi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligining Matbuot xizmati ma`lum qildi.
Xabarga ko`ra, suhbat chog`ida O`zbekiston va Evropa Ittifoqining Afg`oniston yo`nalishidagi munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Shuningdek, uchrashuv davomida ertaga, 23-fevral kuni Toshkent shahrida bo`lib o`tadigan Evropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mamlakatlarining Afg`oniston bo`yicha maxsus vakillari maslahat uchrashuvining tashkiliy jihatlari va kun tartibidagi masalalarga alohida e`tibor qaratildi.
Afg`on inqirozini hal qilishda xalqaro hamjamiyatning yaxlit yondashuvini ishlab chiqish muhimligi ta`kidlandi.
Evropa Ittifoqi vakillari O`zbekistonning Termiz shahrida Afg`onistonga insonparvarlik yordam etkazilishini muvofiqlashtirish bo`yicha xalqaro xab tashkil etish tashabbusini qo`llab-quvvatlashini bildirdi.
Turli darajadagi bo`lajak ikki tomonlama va mintaqalararo tadbirlar jadvali bo`yicha takliflar ko`rib chiqildi.






