Kecha, 22 fevral kuni Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining navbatdagi brifingi bo`lib o`tdi.
Unda xorijiy oliy ta`lim muassasalarini tamomlagan yosh mutaxassislarning lavozim maoshiga qo`shimcha ustamalar to`lash tartibi yuzasidan Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Istiqbolli kadrlar seleksiyasi boshqarmasi mas`ul xodimi Abdurahmon Umarov ma`lumot berdi.
Hozirda xorijdagi nufuzli oliy ta`lim muassasalarida ta`lim olayotgan, ilm-fan bilan shug`ullanayotgan hamda yuksak bilim va malakaga ega bo`lgan yoshlarining O`zbekistonga kelib ishlashi uchun zarur shart-sharoit yaratish, ularga uy-joy ajratish, munosib maosh to`lash bo`yicha yangi tizim joriy etilmoqda.
2021 yilning 13 iyulida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi PF – 6260-sonli Farmoni e`lon qilingan.
Mazkur farmonning 5-bandida davlat organlari, tashkilot va muassasalarida faoliyat ko`rsatayotgan nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining yuqori 500 talik ro`yxatiga kiritilgan xorijiy oliy ta`lim muassasalarini (bakalavriat, magistratura) tamomlagan yoki ularda ilmiy daraja (PhD va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja) olgan yosh mutaxassislarning lavozim maoshiga Davlat byudjeti mablag`lari hisobidan qo`shimcha ustamalar to`lab borish tartibi joriy etilgan.
Brifingda joriy etilgan tartib yuzasidan ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga javob berildi.
Ma`lumot uchun, ustama olish uchun talab qilinadigan hujjatlar Davlat xizmatini rivojlantirish agentligiga elektron shaklda taqdim etilishi belgilangan.






