1 yanvardan amaliyotga joriy etilgan keshbek tizimi iste`molchilar orasida tobora ommalashib bormoqda. Buni chop etilayotgan cheklar soni va yig`ilayotgan keshbek summasi misolida ko`rish mumkin.
Ushbu amaliyot doirasida dastlabki 86,7 ming nafar iste`molchiga 15,1 mlrd so`m keshbek to`lab berildi. Bu haqda Davlat Soliq qo`mitasining Axborot xizmati ma`lum qildi.
Xabarga ko`ra, o`tgan oy mobaynida 276 302 ta xarid chekiga hisoblangan yana 5,4 mlrd so`mdan ortiq keshbek to`lanmasdan qolmoqda.
Bunga 17 517 ta tadbirkorlik subektlarining soliq hisobotlaridagi kamchiliklar sabab bo`lmoqda:
- 2 763 ta tadbirkor (hisoblangan keshbek 2,6 mlrd so`m) hisobotlarida chek ma`lumotlari to`liq aks ettirilmagan;
- 12 406 ta tadbirkor (hisoblangan keshbek 1,4 mlrd so`m) umuman hisobot topshirmagan;
- 2 348 ta tadbirkorning 1 mln so`mdan yuqori soliq qarzi mavjud (hisoblangan keshbek 1,4 mlrd so`m).
Tadbirkorlik subektlari tomonidan soliq hisobotlari topshirilishi, kamchiliklar tuzatilishi hamda ularning qarzdorligi kamayishi bo`yicha kunlik o`zgarishlar real vaqt rejimida inobatga olinib, hisoblangan keshbek summasi tasdiqlanadi.
Iste`molchilar diqqatiga! Xaridni amalga oshirganda chek talab qiling va xarid summasidan 1 % keshbekka ega bo`ling.
Keshbek chekni ro`yxatdan o`tkazgan shaxsga hisoblanadi.
Hurmatli fuqarolar, xarid cheklarini talab qilib savdo, umumiy ovqatlanish va maishiy xizmat ko`rsatish sohasida jamoatchilik nazorati o`rnatilishiga o`z hissangizni qo`shing, bundan manfaatdor bo`ling va huquqlaringiz posboniga aylaning!






