AsosiyJamiyat

Prezident Samarqandda o`nlab rahbarlar nega birdan ishdan olinganiga to`xtalib o`tdi

'Prezident Samarqandda o`nlab rahbarlar nega birdan ishdan olinganiga to`xtalib o`tdi'ning rasmi

Ayni paytda davom etayotgan yig`ilishda prezident Shavkat Mirziyoev Beruniy tumani aholisining iqtisodiy-ijtimoiy ahvoli statistikasiga to`xtaldi. Bu haqda  "Darakchi" muxbiri xabar bermoqda.

Keltirilishicha,  Beruniy tumanida 24 foiz aholi to`q yashaydi. Ularga yordam kerak emas. Xatlovlar natijasida 71 foiz beruniyliklar qo`shimcha daromad topish istagini bildirgan. 5 foiz ijtimoiy himoyaga muhtoj.

“Bu juda katta ko`rsatkich! Mana shu sonlar mas`ullarning qanchalik yomon ishlaganiga ishorami? Umuman ishlamagansizlar, desak ham bo`ladi. Ishsizlik 7000 dan ortiq. Men o`ylaymanki, bundanam ko`p. Bugun mahalla raislari bo`ynida katta mas`uliyat bor. Lekin endi ularning qo`llarida pul bor. To`g`ri, u pul kamdir. Agar berilayotgan mablag`larni to`g`ri, halol va tizimli sarflasangiz, yana ko`proq berishga tayyorman. Men pul bilan kelganman. Aytinglar, kimga qanday yordam beray?” – dedi Prezident.  

Beruniy tumaniga byudjetdan qo`shimcha 50 mlrd. so`m mablag` ajratiladigan bo`ldi.

Prezidentning “Nima deb o`ylaysan, eplay olishadimi?” – degan savoliga Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Qahramon Sariev: “Beruniy tumani savdo chorrahasida joylashgan, bu erda ishlamaslikning o`zi iloji yo`q. Agar barcha mas`ullar o`z vazifasini sidqidildan bajarishsa, albatta, maqsadga erishishadi”, - deya ishonch bildirdi.

Shuningdek, davlat rahbari Qoraqalpog`iston Respublikasining ayrim tumanlari sektor rahbarlariga uyg`onish vaqti kelgani, qattiq ishlash kerakligi ta`kidlab, ularga Samarqand viloyatida birdan ishdan olingan o`nlab rahbarlarni eslatdi:

“Samarqandni ko`rdingizmi, nechta hokim, prokurorlarni ishdan oldim. Xabaringiz bormi? Nega ularni ishdan oldim? Hammasining ko`zlariga qaradim – mudrab o`tiribdi, ishlamagan. Mudrasak, odamlar qachon bizdan rozi bo`ladi?” – dedi Shavkat Mirziyoev.

    Boshqa yangiliklar