Taniqli shoir, O`zbekiston qahramoni Erkin Vohidov 30 may kuni 79 yoshda vafot etdi.
Atoqli adib 31 may kuni Toshkent shahridagi “Chig`atoy” qabristoniga dafn etildi. Bu haqda shoir Muhammad Ismoil o`zining Facebook`dagi sahifasida xabar berdi.
“O`zbek adabiyotining buyuk tog`i, buyuk shoir, buyuk ustoz Erkin Vohidov olamdan o`tdilar. Hozirgina o`zbek millatining bir buyuk farzandini ‘Chig`atoy’ qabristoniga qo`yib keldik. Janoza marosimida shoirning minglab muxlislari, do`stu-birodarlari, qavmu-qarindoshlari qatnashdilar”,—deb yozdi Muhammad Ismoil.

Muhammad Ismoilning ma`lum qilishicha, dafn marosimida bosh vazir Shavkat Mirziyoev, Prezident devoni ishlar boshqarmasi boshlig`i Zelimxon Haydarov, Prezidentning davlat maslahatchisi Xayriddin Sultonov, O`zbekiston qahramoni Abdulla Oripovlar ham ishtirok etgan.

Avvalroq, O`zbekiston hukumati Erkin Vohidovning o`limi munosabati bialn ta`ziya bildirgani haqida xabar bergan edik.





