1

​SSV: Qoraqalpog`iston Respublikasida 150 nafardan ortiq bemor davlat hisobidan operasiya qilindi

Jamiyat 24.02.2022, 19:09
​SSV: Qoraqalpog`iston Respublikasida 150 nafardan ortiq bemor davlat hisobidan operasiya qilindi

Sog`liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan e`lon qilingan “Salomatlik kunlari” ijtimoiy aksiyasi Jizzax viloyatidan so`ng Qoraqalpog`iston Respublikasi va Buxoro viloyatida davom etmoqda.

Ma`lumki, Orobo`yi mintaqasida ekologik vaziyat nihoyatda murakkab. Bu esa hududda ko`plab kasalliklar avj olishiga sabab bo`lmoqda. Ammo shunday xastaliklar borki, ularni o`z vaqtida yuqori texnologik jarrohlik yo`li bilan davolamasa, bemor hayoti xavf ostida qolishi mumkin.

Lekin Toshkentdagi ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlariga, eng etakchi shifokorlar qabuliga mingdan ziyod kelometr masofani bosib kelishning o`zi bo`lmaydi. Shu sababli ijtimoiy aksiya doirasida poytaxtda faoliyat ko`rsatayotgan eng mohir jarrohlar Qoraqalpog`iston Respublikasiga, bemorlar huzuriga keldi.

— Aksiya doirasida, mahalliy tibbiyot xodimlari ko`magida xonadonma-xonadon o`rganishlar olib borilib, yuqori texnologik operasiyalarga muhtoj bemorlar ro`yxati shakllantirildi, — deydi O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligining Davolash-profilaktika yordamini tashkillashtirish bosh boshqarmasi boshlig`i vazifasini bajaruvchi Umidulla Riskiev. — Dastlabki tahlillarga ko`ra, ular soni 479 nafarni tashkil etdi.

Bemorlarning 107 nafarida yurak, 102 nafarida yuz-jag` nuqsonlarini bartaraf etish uchun jarrohlik amaliyotlari o`tkazilishi lozim. Shuningdek, 130 nafari oshqozon-ichak xastaliklaridan aziyat chekayotgan bo`lsa, 127 nafari endoprotezlash hamda 13 nafari buyrak transplantasiyasiga muhtoj.

Aksariyati bemorlarning davolanish uchun moddiy imkoniyati yo`q, ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatdan imtiyozli yo`llanma asosida foydalanishlari uchun navbatda turib, uzoq muddat kutishlari zarur edi. “Salomatlik kunlari” ana shu o`tkir muammoning oqilona echimi bo`ldi.

Hozir Respublika ixtisoslashtirilgan markazlarining tibbiyot fanlari doktorlari, tibbiyot fanlari nomzodlaridan tashkil topgan malakali mutaxassislar yuz-jag` plastik jarrohligi, abdominal xirurgiya, intervension kardiologiya va travmatologiya-ortopediya, qon-tomir jarrohligi, transplantologiya, kam invaziv jarrohlik yo`nalishlari bo`yicha Orolbo`yi mintaqasidagi ehtiyojmand bemorlarga ixtisoslashgan tibbiy yordam ko`rsatmoqda.

Opreasiyalar Nukus shahridagi Respublika ko`p tarmoqli tibbiyot markazi, Respublika bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazi, akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya markazi Nukus filiali, Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Qoraqalpog`iston filiali, Orolbo`yi aholisi yurak-qon tomir kasalliklarini sog`lomlashtirish markazi va boshqa muassasalarda o`tkazilyapti.

Shuningdek, Xo`jayli, Qo`ng`irot, Amudaryo va Beruniy tumanlarida istiqomat qiluvchi bemorlar o`z yashash hududida muolaja qilinyapti.

Umuman, aksiya doirasida shu kungacha Qoraqalpog`iston Respublikasida 150 nafardan ortiq bemorda davlat hisobidan murakkab jarrohlik amaliyotlari o`tkazildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1