Avvalroq, yosh yigitning baxtsiz hodisa sababli jiddiy jarohat olgani, tibbiyot xodimlari uning tanasiga kirib ketgan armatura bo`lagini murakkab jarrohlik yo`li bilan chiqarib, hayotini saqlab qolgani haqida xabar bergan edik.
SSVning ma`lum qilishicha, fuqaroning ahvoli yaxshilangan va uyiga qaytarilgan.
2005 yilda tug`ilgan R.S. o`tgan yilning 20 dekabrida og`ir ahvolda va hushsiz holatda shifoxonaga olib kelingan.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qabul bo`limida mutaxassislar ko`rigidan so`ng bemorning bosh miya, bo`yin, ko`krak va bel-umurtqa sohalari, ko`krak qafasi, qorin bo`shlig`i a`zolari MSKT qilingan. Shuningdek, qorin bo`shlig`i va ko`krak qafasi ultratovush tekshiruvidan o`tkazilgan.
Aniqlanishicha, metall parchasi bemor ko`krak qafasining o`ng orqa yuzasi, 7 va 9-qovurg`alari orasidan kirib, 6-ko`krak umurtqasini teshib o`tgan va orqa miya ezilishiga sabab bo`lgan. So`ngra o`ng o`mrovosti arteriyasi tagidan o`tib, bosh suyagi miya asosining o`rta chuqurchasini teshib kirgan. Bosh miya o`rta darajada lat egan.
Bundan tashqari, o`ng chakka suyagi va orqa miyaning ochiq, teshib o`tgan jarohati, 6-ko`krak umurtqasining maydalanib sinishi kabi o`ta og`ir shikastlanishlar bemor hayotiga xavf solib turgan edi.
Markazning kardioxirurg, neyroxirurg, torokal va umumiy jarroh, travmatolog, anesteziolog va reanimatolog kabi 10 dan ortiq eng malakali mutaxassislari tomonidan 5 soatdan ziyod davom etgan amaliyotda kam uchraydigan murakkab jarrohlik operasiyasi muvaffaqiyatli o`tkazilib, natijada bemorning hayoti saqlab qolingan.
O`tkazilgan davo choralari natijasida bemorning umumiy ahvoli yaxshilandi. Salomatligidagi ijobiy o`zgarishlar, tibbiy tekshiruvlar natijalari qoniqarli bo`lgani inobatga olinib, bugun unga uyiga ruxsat berildi. R. S. tibbiy ko`rsatmaga muvofiq, reabilitasiya muolajalarini davom ettiradi.






