Jizzax shahrida tadbirkordan 3 000 AQSh dollari pora talab qilgan bo`lim boshlig`i va etakchi muhandis ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar qildi.
Ma`lum qilinishicha, Departament hamda DXXning Jizzax viloyati boshqarmalari tomonidan tadbirkorlik sub`ektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan o`tkazilgan tezkor tadbirda, “Hududgaz Jizzax” gaz ta`minoti filiali etakchi muhandisi Sh.I. (muqaddam JKning 214-moddasi bilan sudlangan) “X.S.” MChJning tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi holati bo`yicha tuzilgan dalolatnomada hisoblangan 384,6 mln so`m zararni kamaytirib berish evaziga MChJ ish yurituvchisi D.D.dan 3 000 AQSh dollari pora talab qilib olgan vaqtida ushlanib, uning ko`rsatuviga asosan davom etgan tadbirda, filialning shartnomaviy-huquqiy bo`limi boshlig`i B.R. sherigi etakchi muhandis Sh.I.dan 3 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






