AsosiyJamiyat

Soliqdagi illat zanjiri boshida kim turibdi? Yoxud sobiq xodimning o`zi poraxo`rmi yoki?

'Soliqdagi illat zanjiri boshida kim turibdi? Yoxud sobiq xodimning o`zi poraxo`rmi yoki?'ning rasmi

Statistik ma`lumotga ko`ra, 2020 yilda Toshkent shahar sudi tomonidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan bog`liq 32 ta shaxsga nisbatan 9 ta ish ko`rilgan. Bu ko`rsatkich 2021 yilda 18 ta shaxsga nisbatan 12 ta ishni tashkil qiladi. Raqamlar kamaygan bo`lsa-da, biroq xotirjamlikka berilishga shoshmaslik kerak. Boisi hikoya qilmoqchi bo`lganimiz ham – pora bilan qo`lga tushgan 1992 yil tug`ilgan mansabdor shaxs... 

Sudlanuvchi 2021 yildan buyon tuman Davlat soliq inspeksiyasi (DSI) Soliq nazorati bo`limi kameral soliq tekshiruvlari sho``basida vaqtincha davlat soliq katta inspektori lavozimida ishlab kelgan. Tuman DSI boshlig`ining buyrug`iga asosan u hamda Kameral soliq tekshiruvlari sho``basi Davlat soliq bosh inspektoriga MChJda sayyor soliq tekshiruvini o`tkazish belgilanadi. Ikki mas`ul esa tekshiruv sabab savdo do`koni ta`sischisidan pora talab qilish haqida oldindan til biriktirishadi. Rejaga ko`ra, ta`sischini tuman DSI binosiga chaqirtirib, MChJga tegishli savdo do`konida o`tkazilayotgan sayyor tekshiruvda kirim hujjatlari bo`lmagan juda ko`p miqdordagi mahsulotlar aniqlanayotgani, buning oqibatida unga nisbatan katta miqdorda ma`muriy jarima qo`llanishi mumkinligi bilan qo`rqitishadi. O`z xizmat mavqeidan foydalangan holda ta`sischidan jamiyatda o`tkazilayotgan sayyor tekshiruv natijasi bo`yicha ijobiy xulosa berish, natijada unga va jamiyatga nisbatan juda ko`p miqdorda jarima qo`llanmasligi evaziga tamagirlik yo`li bilan 4.000 AQSh dollari miqdorida pora berishni talab qilishgan.

MChJ ta`sischisi talab qilingan pullardan 3.500 AQSh dollarini pora tariqasida berishga rozi ekanini ma`lum qilgach, sudlanuvchi – mansabdor pora berayotgan shaxsning manfaatlarini ko`zlab, o`sha vaqtda savdo do`konida Davlat soliq bosh inspektori tomonidan amalga oshirilayotgan tekshirishni to`xtatib turish uchun uni DSI binosiga chaqirtirib olgan.

Ta`sischining arizasiga asosan tegish­li organlar xodimlari tomonidan tezkor tadbir o`tkazilgan. Tadbir davomida sudlanuvchi ta`sischidan talab qilingan 36 932 000 so`mga teng 3 500 AQSh dollarini pora tariqasida olgan paytida ashyoviy dalillar bilan qo`lga olingan.

“PULNI BO`LIM BOShLIG`IGA OLIB KIRIB BERIShIM KERAK BO`LGAN”

Sud majlisida sudlanuvchi qilmishidan pushaymonligini bildirdi...

— Bo`lim boshlig`i topshirig`iga ko`ra, MChJda sayyor soliq tekshiruvini boshlaganmiz. Bu orada menga bo`lim boshlig`i qo`ng`iroq qilib, “MChJdagi tekshirish nima bo`ldi?” deb  so`radi. Bo`lim boshlig`iga uchrashib, ba`zi bir kamchiliklar borligi, lekin hali tekshirish harakatlari davom ettirilayotganini aytdim. Bo`lim boshlig`i menga “do`kon egasiga tekshirishni hal qilib berish evaziga 4.000 AQSh dollari so`rang”, dedi. Ta`sischi esa 3 500 AQSh dollari bera olishini aytdi. 

DSI oldida ko`rishdik va mashinamda menga pulni berib, “sanab oling” dedi. Bardachokka solib qo`yishini ko`rsatdim. Yo`lda ketayotganimizda to`xtatib, meni ushlashdi. Olgan 3 500 AQSh dollarini to`liq bo`lim boshlig`iga olib kirib berishim kerak bo`lgan.

Shuningdek, sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 276-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ham ayb­langan. U bu qilmishini sudga quyidagicha izohlagan:

— Koronavirus infeksiyasiga chalinib, uyda davolanayotgan vaqtimda “gashish” giyohvandlik vositasidan foydalansa, kasallikni oldini olish va tez davolanishda foydali ekanini bildim. 0,5 gramm “gashish” uchun “PayME” xizmati orqali to`lovni amalga oshirdim. Menga yuborilgan manzilga borib, daraxt tagidan olib uyga qaytdim. Bir qismini iste`mol qilib, qolgan qismini mashina kuldoniga fleshkaning qopqog`iga solib qo`ygandim. Aybimga to`liq iqrorman. Qilgan ishimdan chin ko`ngildan pushaymonman. 

QANDAY JAZO TAYINLANDI?

Bahodir KAYuMOV, jinoyat ishlari bo`yicha Mirzo Ulug`bek tuman sudi sudyasi:

— Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v, g” bandlari va 276-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi. JKning 59, 61-moddalariga asosan tayinlangan jazolarni to`liq qo`shish yo`li bilan uzil-kesil Davlat soliq idoralarida mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan 2 yil muddatga mahrum qilingan holda 3 yil ozodlikdan mahrum qilib, bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Sadoqat ALLABERGANOVA

    Boshqa yangiliklar