Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo`lib o`tdi. Unda deputatlar tomonidan bir qator qonun loyihalari muhokama etildi.
Dastlab “Kiberxavfsizlik to`g`risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o`qishda atroflicha ko`rib chiqildi.
— Mazkur qonun loyihasida kiberxavfsizlik sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, sohadagi vakolatli davlat organi, uning huquq va majburiyatlari, davlat organlari va tashkilotlari axborot tizimlari va resurslarining kiberxavfsizligini ta`minlash bo`yicha talablar belgilanmoqda, — dedi Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G`aniev.
— Chunki bugun axborot maydoni kengayib, raqamlashtirish borasidagi ishlar rivojlanayotgani, o`z navbatida, kibermakondagi tahdidlarni ham yuzaga keltirmoqda. Shu maqsadda ishlab chiqilgan ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi kiberxavfsizlikni davlat tomonidan tartibga solish, axborot tizimlari va resurslarining yaxlitligini ta`minlashga zamin bo`ladi. Ruxsatsiz harakatlar, axborotni yo`q qilish, o`zgartirish, buzish, nusxalash, bloklash va mamlakatning axborot tizimlari va tarmoqlariga noqonuniy aralashishning oldini olishga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasini moddama-modda ko`rish davomida deputatlar tomonidan uni yanada takomillashtirish bo`yicha takliflar, aniqlashtiruvchi savollar bildirildi. Qizg`in muhokamalardan so`ng “Kiberxavfsizlik to`g`risida”gi qonun loyihasi ikkinchi va uchinchi o`qishda qabul qilindi.






