Ko`p qavatli uydagi shovqin

Mutolaa 02.06.2016, 13:16
Ko`p qavatli uydagi shovqin

Tahririyatga kelgan maktublar ichida xatjildga “Mamajonova Gulruxsor, “G`aroyibot” sahifasiga deb yozilgani e`tiborimizni tortdi... 

Ko`p qavatli uylarning birinchi qavatida turamiz. Yaqinda tepamizga ya`ni, ikkinchi qavatga bir oila ko`chib keldi...

Ochiqqina, odamoxun, dilkash ayol ekan. Ikki kunga bormay tanishib, apoq-chapoq bo`lib ketdik. Boshqa qo`shnilar bilan ham yaqindan tanishib oldi. 

Odatda u katta bolalari maktabga ketgach, uy yumushlarini tezda bajarib, bir yarim yoshli jajji qizalog`ini ko`targancha pastga tushar, goh aylanib, goh o`tirib vaqt o`tkazardi. Uni ko`rib biz ham birin-ketin uy hovlisiga chiqa boshladik. 

—  Bizning tepamizda, uchinchi qavatda kim yashaydi? — dedi bir kuni u menga qarab. 

—  Hech kim yashamaydi, — dedi beparvo. 

—  Yo`g`-e, — ko`zlari katta-katta bo`ldi uning. — Yashaydi shekilli. 

—  Maqsuda opa ikkinchi o`g`lini ko`chirib keldimi, yo? — hayron bo`lib so`radim yon qo`shnimizdan.

—  Yo`-o`q, kelsa biz bilan ko`rishmasdan ketmaydi. Hali biror marta kelganini ko`rmadim. Bir oycha avval kelib, yig`ishtirib, chang-panglarni artib ketgandi, — dedi yon qo`shnim. 

—  To`g`ri, menam bir oycha avval ko`rganman, — dedim tasdiqlab.

Yangi qo`shnimiz esa o`ylanib qoldi. Oradan ikki kun o`tib, uchinchi qavatdagi qo`shnimizning kelgan-kelmaganini so`radi. Biz hali ko`rmaganimizni aytdik. Ertasiga yana so`radi. 

—  Nega muncha so`rab qoldingiz? Tinchlikmi? — dedim uning besaranjomligini payqab.  

—  Hayronman, har tun shovqindan erim ikkalamiz uyg`onib ketamiz. Xuddi stol-stullarning polda surilganiga o`xshash ovoz keladi. Yarim soatcha tinmaydi. Keyin suvning vannaga sharillab quyilgani eshitiladi, — dedi ajablanib.

—  Siz boshqa narsani eshitayotgansiz. O`zi u erda bir zog` yashamasa...

—  Shunga hayronman-da! — elka qisdi yangi qo`shnimiz. — Erimga hech kim yashamasligini aytganimdan so`ng battar xavotiri oshdi. O`g`ri-po`g`ri tushmadimikan, desak derazalariga panjara o`rnatilgan ekan. Eshigi sira ochilmaydi. Balki, sizlar bilmay qolgandirsizlar, ijaraga odam qo`ygandir? Lekin har tun eshitamiz shovqinni. Kunduzi ehtimol sezilmas, ko`chadan o`tgan mashinalar ovozi halal berar...

—  Bo`lmasa, Maqsuda opaga telefon qilaylik. Har ehtimolga qarshi... — dedim va eski qo`shnimizga qo`ng`iroq qildim.

Hol-ahvol so`rashgach, vaziyatni tushuntirdim. Yangi qo`shnimiz aytgan gaplarni oqizmay-tomizmay etkazdim. 

—  Uyga bormaganimga ancha bo`ldi. Ijaraga ham odam qo`yganim yo`q. Yangi qo`shniga ayting, xavotirga tushmasin. Ertaga o`tib, tushuntiraman, — dedi Maqsuda opa. 

Ochig`i, gapini tushunmadim. Odam qo`ymagan bo`lsa, biror kim yashamasa nimani tushuntiradi? 

Ertasiga rostdan ham Maqsuda opa keldi. Avvaliga uylarini yig`ishtirdi, keyin biznikiga chiqdi. Men yon qo`shnimizni ham, tanishish uchun yangi qo`shnimizni ham chaqirdim. Bir piyola choy ichgach, Maqsuda opa gap boshladi.

—  Bilasizlar, katta o`g`limni uylantirganimdan so`ng o`zimiz kengroq uy olib chiqib ketdik. O`g`lim oilasi bilan bu erda qoldi. Afsus, peshanasida bor ekan, xotini uyiga ketganida o`g`ri tushdi va tan jarohati etib olamdan o`tdi. Bu g`amni haliyam yutolmayman, ichim kuyadi, — yig`lab yubordi Maqsuda opa. — Hali xotini homilador ham bo`lib ulgurmagandi. Shundan buyon uy bo`sh turardi. Bir kuni ikkinchi qavatdagi uyini sizlarga sotib ketgan  eski qo`shnimiz telefon qilib qoldi. Uyda shovqin bo`layotganini aytdi. Kelib ko`rib ketdim — tinch. Qayta-qayta qo`ng`iroq qilavergach, bir kecha o`sha qo`shnimnikida yotdim. Rostdan ham shovqin bizning uydan kelardi. Qotib qoldim. Chiqsak, hech zog` yo`q. Keyin tergov vaqtidagi gaplar esimga tushdi. O`g`rilar narsa izlab topolmagach, o`g`limni stol-stullarga urib-sudragan, keyin vannaga olib kirib boshidan suv qo`yishgan. Balki, o`sha voqelarni o`g`limning ruhi qaytarayotganmikan, deya duo o`qitdim. O`zim har kelganimda o`qiyman. Baribir tinch emas. Oxir o`sha qo`shnimiz ko`chib ketdi. Sizlarga aytmagan shekilli...

—  Yo`q, — dedi yangi qo`shnimiz. Maqsuda opaning qo`zlaridan oqayotgan yoshni ko`rib dedi. — Opa, xafa bo`lmang. Undan ko`ra, uyga ijaraga odam qo`ying, shunda tinchiydi. Bizdan xijolat bo`lmang, yashayveramiz.

—  Rostdan ham odam qo`yib ko`raman, endi, — dedi Maqsuda opa xotirjam tortib. 

KAMINA oqqa ko`chirdi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1