AsosiySalomatlik
8492

“Turmush o`rtog`im vafotidan keyin tushkunlikka tushib qoldim...”

–  Yarim yil avval turmush o`rtog`im vafot etdi va men qattiq stress holatiga tushib qoldim. Yaqin kunlardan beri esa chap ko`krak qafasida sanchiqli og`riq bo`lib, kurak va qo`limga ham asorat berayapti. Bunday alomatlar yurakniki deb eshitgandim. Yoki umurtqa pog`onasiga taalluqlimi? 

Mehriniso Qobulova, Namangan viloyati 

Savolga oliy toifali shifokor kardiolog Nasiba ALIMOVA javob beradi: 

–  Kuchli stress – yurakka zo`riqish tushishi uchun etarli sababdir. Murojaatingizda yoshingiz, yurak bezovtaliklari qachon boshlanayotgani, qancha davom etayotgani, ko`rinishi (sanchiqli, simillagan) haqida aytmagansiz. Yurak kasalliklariga tashhis qo`yishda ushbu omillar muhim sanaladi. Sizning vaziyatingizda shikoforga uchrashish, EKG tekshiruvini o`tkazish lozim. Yurak kasalliklari sanchiqli og`riq bilan kechib, qisqa fursat davom etadi. Bunda bemor havo etishmayotgandek holatga tushib, holsizlanadi, tanasini muzdek ter qoplaydi. Xuruj o`tib ketgach, sekin-asta o`ziga kela boshlaydi. Bordiyu bezovtalik osteoxondroz bilan bog`liq bo`lsa, og`riq xurujlari umumiy holatingizga ta`sir etmaydi. Mabodo EKG tahlili biror o`zgarishni ko`rsatmasa, shifokor EXOKG tekshiruvini buyurishi mumkin. Mazkur usul yurak kuchi, klapanlari holati va ushbu a`zoning ish faoliyatini o`rganishda ko`mak beradi. Shu bilan birga yurak bezovtaliklariga aniqlik kiritish uchun funksional testlarga ham murojaat qilish mumkin. Tahlil xulosalari yurak kasalliklarini inkor etsa, MRT tekshiruvi yordamida osteoxondroz tahminiga oydinlik kiritish maqsadga muvofiq bo`ladi.

Boshqa yangiliklar