Hukumat qaroriga (89-son, 25.02.2022 y) ko`ra O`limni qayd qilish bilan bog`liq kompozit davlat xizmatlarini ko`rsatishning ma`muriy reglamenti tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
- Tibbiyot muassasasi xodimi – o`lim holati tasdiqlangandan so`ng, vafot etgan shaxs haqidagi ma`lumotlarni FHDYo bo`limiga avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali yuboradi.
- FHDYo bo`limi – axborot tizimi orqali avtomatik ravishda o`lim haqidagi dalolatnoma yozuvini qayd etadi va ma`lumotni tibbiyot muassasasi va Pensiya jamg`armasiga elektron shaklda yuboradi.
- Tibbiyot muassasasi xodimi – QR-kod tasviri tushirilgan o`lim haqidagi ma`lumotnomani ariza beruvchilarga darhol ikki nusxada chop etib beradi.
- Pensiya jamg`armasi bo`limi – har oyning 5-sanasigacha o`tgan oyda ushbu hududda to`langan dafn etish uchun nafaqalarning umumiy miqdoridan kam bo`lmagan miqdordagi mablag`larni Tijorat bankining hisobvarag`iga moliyalashtiradi.
- Tijorat banki – QR-kod tushirilgan o`lim haqidagi ma`lumotnoma asosida Pensiya jamg`armasiga elektron so`rov yuborish orqali tasdiqlaydi hamda oldindan moliyalashtirilgan mablag`lar hisobidan nafaqa to`lovini amalga oshiradi.
- FHDYo bo`limi vafot etgan shaxsning yaqin qarindoshlari va merosxo`rlarining istalgan vaqtdagi talabiga asosan eksterritorial tamoyil asosida o`lim haqidagi gerbli guvohnomani chop etib beradi yoki pochta aloqasi orqali arizada ko`rsatilgan manzilga yuboradi.
Qarorga muvofiq, 2022 yil 1 apreldan Toshkent shahrida, 2022 yil 1 iyuldan esa butun respublika hududida tibbiyot muassasalari tomonidan o`lim haqida tibbiy guvohnoma berish tartibi bekor qilinib, faqat elektron tizim orqali o`lim haqida tibbiy ma`lumotnoma shakllantirish tartibi joriy etiladi.






