Ijtimoiy tarmoqlarda Ukrainadan evakuasiya qilinayotgan O`zbekiston fuqarolarini mamlakatimizga olib kelish uchun tashkil etilayotgan maxsus aviareyslar uchun chiptalar sotilayotganligi to`g`risida yolg`on ma`lumotlar tarqatilmoqda.
O`zbekiston Respublikasi Transport vazirligi ushbu holat bo`yicha rasmiy xabar berdi.
"Fuqarolardan shu kabi xabarlarga ishonmasliklarini, maxsus aviareyslar O`zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan bepul tashkil etilayotganligini ma`lum qilamiz.
Hozirda Polshaning Katovise shahridan "Uzbekistan Airways" AJ tomonidan bajarilayotgan maxsus aviaqatnovlar orqali O`zbekistonga olib kelinayotgan fuqarolardan aviachipta uchun hech qanday to`lov undirilmaydi.
Eslatib o`tamiz, Ukrainadagi O`zbekiston fuqarolarini evakuasiya qilish hamda maxsus aviareyslar orqali mamlakatimizga jo`natish ishlari Tashqi ishlar vazirligi tomonidan muvofiqlashtirilmoqda", - deyiladi xabarda.






