Bugundan yonida biometrik pasport yoki ID-karta mavjud haydovchidan "prava", texpasport, ishonchnoma va sug`urta polisi talab etilmaydi
2021 yil 30 noyabrda imzolangan qonunga asosan haydovchi yonida pasporti yoki ID-kartasi bo`lganida quyidagi hujjatlarni olib yurishi talab etilmaydi:
- Transportni boshqarish, ro`yxatdan o`tkazganlikka oid hujjatlar, ishonchnoma va Sug`urta polisi.
Bunda, ushbu hujjatlar mavjudligi YPX xodimi tomonidan elektron tizim orqali mustaqil tekshiriladi.
Nogironligi bo`lgan shaxslarga daromad solig`i va ijtimoiy soliq bo`yicha imtiyozlar beriladi
Prezidentning 2021 yil 21 dekabrdagi qaroriga binoan Soliq kodeksining 380-moddasi birinchi qismiga muvofiq bolalikdan nogironligi bo`lgan shaxslar hamda I va II guruh nogironligi bo`lgan shaxslar uchun daromad solig`i bo`yicha belgilangan imtiyoz mehnatga haq to`lashning eng kam miqdorining 1,41 baravaridan 3 baravarigacha oshiriladi.
2024 yil 1 martga qadar ish beruvchilarga (budjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav jamg`armasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo`lgan yuridik shaxslar bundan mustasno) ular tomonidan nogironligi bo`lgan shaxslar uchun to`langan ijtimoiy soliq summasi Davlat budjetidan to`liq qaytarib beriladi.
Bunda, ijtimoiy soliq summasi nogironligi bo`lgan shaxslarning olti oy davomida uzluksiz mehnat faoliyatini amalga oshirishi sharti bilan ettinchi oydan boshlab qaytariladi.
Yana 5 turdagi davlat xizmati my.gov.uz portali orqali onlayn ko`rsatiladi
Hukumat qarori bilan quyidagi xizmatlar YAIDXP (my.gov.uz) orqali elektron shaklda ko`rsatiladi.
Bular: O`zbekistonga chet davlat fuqarosini taklif qilish, chet davlatda O`zbekiston fuqaroligini tasdiqlash bo`yicha tegishli hujjatlar va ma`lumotnomalar olish, sudlanganlik (sudlanmaganlik) haqidagi ma`lumotlar olish, avtotransport vositalarida taqiq mavjudligini tekshirish, jazoni ijro etish muassasalari va manzil koloniyalarida saqlanayotganlarni ularning yaqin qarindoshlari bilan uchrashuv vaqtini belgilash.
UJK xizmatlar haqini to`lash bo`yicha imtiyozlar o`rniga oylik kompensasiya to`lovlari joriy etiladi
Ijtimoiy nafaqa oluvchi o`zgalar parvarishiga muhtoj yolg`iz shaxslarga kompensasiya to`lovi joriy etiladi. Bunda, har oylik kompensasiya to`lovi — pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 45 foizi (130 050 so`m) miqdorida to`lanadi.
Yoshi 100 ga to`lgan va undan oshgan ijtimoiy nafaqa oluvchi shaxslar uchun har oyda — pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 100 foizi (289 ming so`m) miqdorida qo`shimcha to`lov belgilanadi. Bunda, qo`shimcha to`lov pensiya va nafaqa tayinlangan tashkilot orqali respublika budjeti va budjetdan tashqari Pensiya jamg`armasi mablag`lari hisobidan moliyalashtiriladi.
Ko`p kvartirali uylarga tutash er uchastkalari mulkdorlarga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratib beriladi
Prezidentning 2021 yil 31 dekabrdagi qaroriga muvofiq, davlat organlari, muassasalari va korxonalari, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari va ko`p kvartirali uy-joylar mulkdorlariga ular egaligidagi bino va inshootlarga tutash (chegaradosh) bo`lgan er uchastkalari quyidagi shart va majburiyatlar bilan ularga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratib beriladi.
Bular: Er uchastkalarini obod holda saqlash, daraxtlar, butalar, boshqa o`simliklar va nihollarni parvarish qilish va sug`orish, yig`ishtirish-tozalash ishlarini amalga oshirish va chiqindi qutilarini o`rnatish, bolalar maydonchalari, o`tirish joylari (skameykalar), tungi yoritish tizimini o`rnatish, ta`mirlash va saqlash, aholi uchun piyoda yo`laklarini barpo etish, ta`mirlash va lozim darajada saqlash.






