2022 yilning 1-2 mart kunlari "Uzbekistan Airways" " AJning uchta samolyoti bilan 677 nafar O`zbekiston Respublikasi fuqarosi Polshaning Katovise aeroporti orqali Ukrainadan evakuasiya qilindi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili ma`lumot berdi.
Unga ko`ra, joriy yil 2 mart holatiga ko`ra, umumiy hisobda Ukrainadan Polsha hududi orqali beshta aviareyslar bilan 1 186 nafar vatandoshimiz olib kelindi.
Bugun yana ikkita evakuasiya qatnovini tashkil etish rejalashtirilgan. Birinchi reys Toshkent shahridan soat 07:00 da uchib ketgan bo`lsa, keyingisi soat 10:00 da parvoz qiladi.
Polsha hududida mamlakatimizning 800 dan ortiq fuqarosi qolmoqda. Ulardan 350 nafari Polsha davlat chegarasidagi to`planish nuqtasiga, 450 nafari esa Katovise aeroportiga joylashtirilgan.
O`zbekiston Respublikasining Ukrainadagi Elchixonasi tomonidan jangovar harakatlar ketayotganiga qaramay, mamlakatimiz fuqarolarini evakuasiya qilish ishlari davom ettirilmoqda.
Mamlakatimizning Polsha va Ukrainadagi diplomatik vakolatxonalari uzluksiz tartibda ishlamoqda. Fuqarolarimiz uchun issiq ovqat etkazilib, zarur hollarda tibbiy xizmatlar ko`rsatilmoqda.






