Toshkentdagi Yoshlar ijod saroyida «Bolajonlar-shirintoylar» Respublika bolalar moda festivali bo`lib o`tdi.
Festivalda dizaynerlar tomonidan taqdim etilgan to`plamlar tomoshabinlarga havola etildi. «Tomosha», «Tantana» va «Diamonds kids» bolalar ijodiy guruhlarining yosh modellari, shuningdek, «Kolibri» art-byurosi moda maktabining uch yoshdan o`n besh yoshgacha bo`lgan 180 nafar tarbiyalanuvchisi turfa rangdagi nafis liboslarni namoyish etdi.
Festival uch bosqichda o`tkazildi. Birinchi bosqichda yuzga yaqin dizayner ishtirok etib, unda libos to`plamlari eskizlari saralab olindi. Ikkinchi bosqichda libosning konstruksiyasiga, inson qomatiga mosligi va texnologik ishlov berilishiga ahamiyat berildi. Uchinchi bosqichda 59 nafar dizayner tomonidan yaratilgan, bezak va aksessuarlar bilan uyg`unlashib, to`kis ansamblni tashkil etgan 40 liboslar to`plami saralab olindi. Tanlovda Qoraqalpog`iston Respublikasi, Toshkent shahri, Andijon, Farg`ona va Samarqand viloyatlaridagi professional dizaynerlar bilan birga, oliy o`quv yurtlari talabalari, kollejlar o`quvchilari ham ishtirok etdi.
Hakamlar hay`ati ijodiy ishlarni «rret-a-porter», milliy va sport uslubi, bayram libosi, maktab formasi, oilaviy libos to`plami, bo`lg`usi onalar uchun libos nominasiyalari bo`yicha baholadi.
Dizaynerlar Dilyora Karimova, Margarita Isakova, Nargiza O`rozova, Zebuniso G`anieva, Sevara Zufarova, Umid Komilov, Shahzod Mahmudov, Kamola Jo`raeva, Shahnoza Qobilova, Umida Hamidova g`olib, deb topildi. Ularga maxsus sertifikat va esdalik sovg`alari topshirildi.
Festivalda taqdim etilgan bolalar liboslarining dastlabki namunalari mamlakatimizdagi to`qimachilik va engil sanoat korxonalarida keng miqyosda ishlab chiqarish uchun tavsiya etiladi.