Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bugungi yig`ilishida jamoatchilik anchadan beri kutayotgan muhim qonunlradan biri sanalgan “Davlat fuqarolik xizmati to`g`risida”gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi va uchinchi o`qishlarda ma`qullanib, Senatga yuborish to`g`risida qaror qabul qilindi.
Qonun loyihasining muhimligi shundaki, u bilan O`zbekiston davlat boshqaruvi va mahalliy hokimiyat idoralarida mehnat qilayotgan 200 mingdan ortiq davlat fuqarolik xizmatchilari faoliyati, ularning maqomi hamda huquq va majburiyatlari, shuningdek, davlat fuqarolik xizmatiga kirish hamda ushbu tizimda korrupsiya va manfaatlar to`qnashuvini oldini olishga oid munosabatlar tartibga solish ko`zda tutilmoqda.
Qonun loyihasiga muvofiq, endilikda vakolatli organ (Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi yoki xalq tilida ARGOS) tomonidan davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reestri yuritiladi hamda reestrga kiritilgan lavozimlarga davlat xizmatchilari ochiq tanlov asosida tayinlanadi.
Reestrga kiritilgan davlat fuqarolik lavozimlari guruh va toifalarga ajratilib, davlat xizmatchisiga uning lavozim guruhi va toifasidan kelib chiqib, malaka darajalari (chin) beriladi.
Vakolatli davlat organi tomonidan davlat xizmatchisi faoliyatini baholashning eng muhim samaradorlik ko`rsatkichlari ishlab chiqiladi hamda davlat xizmatchisining munosib rag`batlantirilishi va xizmat pog`onasida ko`tarilishi ana shu baholash tizimi natijalari asosida ta`minlanadi.
Shuningdek, qonun bilan davlat xizmatchisiga o`zining daromadi va mol-mulki to`g`risida deklarasiya topshirish (deklarasiya topshirish tartibi va muddati alohida qonun bilan belgilanadi), o`z xizmat faoliyatiga tashqi ta`sirlar oldini olish hamda o`z vakolatidan foydalangan holda jismoniy va yuridik shaxslar faoliyatiga noqonuniy ta`sir o`tkazmaslik majburiyatlarii yuklanmoqda.
Bundan tashqari, qabul qilingan qonun loyihasida davlat fuqarolik xizmatchisiga quyidagilar taqiqlanmoqda:
- o`zaro yaqin qarindoshlik yoki quda-andachilikda bo`lgan shaxslar bevosita bo`ysunuv va nazorati ostidagi davlat fuqarolik xizmati lavozimini egallash;
- pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyatdan tashqari haq to`lanadigan boshqa faoliyat bilan shug`ullanish;
- tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanish yoki tadbirkorlik faoliyati tashkil etib, uning muassisi bo`lish;
- o`z mavqeidan foydalanib yoki o`z xizmat vazifasini bajarish evaziga jismoniy va yuridik shaxslardan har qanday turdagi mukofot yoki sovg`a olish;
- chet el fuqaroligiga ega bo`lish;
- respublika hududidan tashqarida bank hisobvaraqlari ochish, ko`chmas va boshqa mol-mulkka egalik qilish.
Ta`kidlanishicha, qonun loyihasi ahamiyatidan kelib chiqib, uni takomillashtirish va ikkinchi o`qishga tayyorlash jarayonida ko`plab deputatlar faol ishtirok etib, o`z taklif va tashabbuslarini ilgari surdilar.






