Kecha, 1 mart kuni Toshkentda O`zbekistondagi ilk HIS.H.H. mehmonxona brendi hisoblangan 4 yulduzli “Hotel Inspira-S Tashkent”ning ochilish marosimi bo`lib o`tdi.
Tadbirning tantanali qismini Turizm va madaniy meros vazirining birinchi o`rinbosari Ulug`bek A`zamov hamda Yaponiyaning O`zbekistondagi elchisi janob Fujiyama ochib berdi.
Mehmonxonada 7 xil turdagi jami 140 ta xona, jumladan, 77 m kv maydonga ega qirollik lyuks apartamentlari, ikki kishilik va bir kishilik xonalar mavjud.
“Guvohi bo`layotganingizdek, davlatimiz rahbari va hukumat tomonidan turizm sohasini qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish yo`lida ko`plab ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, turistik biznes vakillari qo`llab-quvvatlanmoqda. Birgina turizm industriyasi uchun 54 dan ziyod imtiyozlarning taqdim etilishi gapimizning yaqqol dalilidir.
Mazkur ishlar mamlakatimizning turistik infratuzilmasini yaxshilash, xizmatlar ko`lamini kengaytirish va ularning sifatini oshirish, shuningdek malakali kadrlarni tayyorlash maqsadi sari yo`naltirilgan”, — dedi Ulug`bek A`zamov.
Mehmonxonaning asosiy xollida mehmonlarni O`zbekistonda ilk bor “konserj roboti” kutib oladi, eng so`nggi texnologiyalardan foydalangan holda, mehmonxona ichida mehmonlarga hamrohlik qiladi hamda eng yaqin turistik diqqatga sazovor joylar, restoran va mehmonxonalar haqida ma`lumot beradi.
Mehmonxonaning birinchi qavatida joylashgan “Inspira” restorani 140 kishiga mo`ljallangan yirik restoran bo`lib, an`anaviy o`zbek, yapon va evropa taomlarini taqdim etadi, shuningdek, xonalarga 24 soat uzluksiz xizmat ko`rsatadi. “Inspira” SPA markazida turk hammomi, hammom, fin saunasi, shifobaxsh o`tlar va foydali kokteyllar taklif etuvchi barga ega hovuz bo`yidagi jakuzi hamda massaj xonasi mavjud.
Bundan tashqari, mehmonxonada “Inspira” fitnes zali, 40 kishigacha mo`ljallangan konferensiya zali, biznes markazi, suvenirlar do`koni, valyuta ayirboshlash shoxobchasi hamda kirxona xizmati mavjud.
“Hotel Inspira-S Tashkent” Toshkentning tarixiy binolari bilan o`ralgan Olmazor tumanida joylashgan. Toshkent xalqaro aeroportidan mashinada - taxminan 20 daqiqa, shahar bo`ylab o`tuvchi G`afur G`ulom metro bekatidan piyoda - 3 daqiqa hamda Chorsu bozori va Eski shahar kabi mashhur sayyohlik joylariga – yaqin joylashgan bo`lib, ham biznes, ham ekskursiyalar uchun qulaydir.






