AsosiyJamiyat

Terrorizmga qarshi global strategiyaning Markaziy Osiyodagi ijobiy natijalari sanab o`tildi

'Terrorizmga qarshi global strategiyaning Markaziy Osiyodagi ijobiy natijalari sanab o`tildi'ning rasmi

Ayni paytda davom etayotgan Markaziy Osiyo malakatlarining terrorizmga qarshi kurashish bo`yicha mintaqaviy hamkorligiga bag`ishlangan xalqaro anjumanning tashkil etilishi bo`yicha O`zbekiston tashabbusini ma`qullagan barcha xalqaro tashkilotlar rahbarlariga Prezident Shavkat Mirziyoev nomidan minnatdorchilik bildirildi.

O`zbekiston Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Maxmudov o`qib eshittirgan murojaatda davlatimiz rahbari nomidan quyidagi so`zlar keltirilgan:

“Bugun biz xalqaro munosabatlarda qarama-qarshiliklarning kuchayishi, davlatlar o`rtasida ishonch va hamkorlik darajasi susayishining guvohi bo`lyapmiz. Shu bilan birga dunyoning turli mintaqalarida keskinlik o`choqlari saqlanib qolmoqda, qurolli to`qnashuvlar davom etmoqda. Jamiyatning barcha sohalari, iqtisodiy faoliyatga ta`sir etgan pandemiya BMT Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishiga salbiy ta`sir ko`rsatmoqda. Iqtisodiyot va ijtimoiy hayotdagi inqirozli hodisalar dunyoda tengsizlikni kuchaytiradi, nizolarning keskinlashuvi xavfini sezilarli darajada oshiradi, terrorizm g`oyalari tarqalishi uchun zamin yaratadi. Bunday murakkab sharoitda global va mintaqaviy xavfsizlikka tahdidlarga qarshi kurashda butun jahon hamjamiyatining sa`y-harakatlarini birlashtirish muhim ahamiyatga ega.

Bundan 15 yil avval dunyoning barcha davlatlari BMTning terrorizmga qarshi global strategiyasini bir ovozdan ma`qullagan edi. Bu terrorizmga qarshi kurashda milliy va xalqaro sa`y-harakatlarni birlashtirish uchun birinchi keng qamrovli, jamoaviy va umume`tirof etilgan huquqiy asos bo`ldi.

2011 yilda Markaziy Osiyo ushbu dasturiy hujjatni mintaqaviylashtirishning birinchi muvaffaqiyatli namunasini ko`rsatdi, o`shanda barcha beshta davlat uni amalga oshirish bo`yicha Qo`shma harakatlar rejasini qabul qilgan edi. Ushbu Rejaning amalga oshirilishi terrorizmga qarshi kurashning umumiy tamoyillari va yondashuvlari bo`yicha mintaqaviy konsensusni mustahkamlash, ham ikki tomonlama, ham ko`p tomonlama asosda hamkorlikning samarali mexanizmlarini yaratish imkonini berdi. Mintaqa mamlakatlari terrorizmga qarshi kurashning milliy tizimlarini shakllantirgan. Birlashgan Millatlar Tashkiloti tavsiyalariga to`liq mos keladigan davlat harakat strategiyalari ishlab chiqildi...”

Shuningdek, Shavkat Mirziyoevning murojaatida mazkur strategiyaning amaldagi natijasi o`laroq, bugun Markaziy Osiyo davlatlari turli nufuzli xalqaro reytinglarda “eng xavfsiz mamlakatlar” ro`yxatidan o`rin egallayotgani, so`nggi yillarda iliq qo`shnichilik aloqalari yo`lga qo`yilayotgani, Markaziy Osiyoning ajralmas qismi bo`lgan Afg`onistonga insonparvarlik yordamlari ko`rsatilib, bu davlatni mintaqaviy savdo-iqtisodiy aloqalarga jalb qilinayotgani misol qilingan.  

Anjuman turli seksiyalarda davom etmoqda. 

Sardorbek Rahmonqulov

    Boshqa yangiliklar