O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Pokiston Islom Respublikasiga davlat tashrifining birinchi kuni yakunlari bo`yicha ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing o`tkazildi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.
O`zbekiston Prezidenti va Pokiston Bosh vaziri har doimgidek ochiqlik va ishonch muhitida o`tgan muzokaralar natijalarini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Davlatimiz rahbari jurnalistlar bilan muloqotda Pokiston xalqini yaqinlashib kelayotgan Pokiston kuni bayrami bilan yana bir bor tabrikladi. Ushbu tashrif katta tarixiy voqea – mamlakatlarimiz o`rtasida diplomatik munosabatlar o`rnatilganining 30 yilligi arafasida o`tayotgani ramziy ma`noga ega ekanini alohida ta`kidladi. Oliy darajadagi konstruktiv muloqot, ayniqsa, keyingi yillarda faollashgani O`zbekiston va Pokiston o`rtasidagi sheriklik va ishonch darajasining jadal o`sib borishiga xizmat qilmoqda.
‑ Biz Pokiston bilan birgalikda nafaqat ikki mamlakat, balki strategik jihatdan muhim bo`lgan Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari o`rtasidagi mustahkam hamkorlik ko`prigini bunyod etayapmiz, ‑ dedi Shavkat Mirziyoev.
Mamlakatlarimizda amalga oshirilayotgan “Yangi O`zbekiston” va “Naya Pokiston” dasturlarining mushtarak ekani ham ikki mamlakatning qarash va intilishlari bir-biriga uyg`unligini tasdiqlamoqda.
Savdo-iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanib bormoqda. O`tgan yilning o`zida ikki tomonlama savdo hajmi 50 foizga o`sdi. Muzokaralar chog`ida tovar ayirboshlashni yaqin yillarda 500 million dollarga, uzoq muddatli istiqbolda esa 1 milliarda dollarga etkazish maqsad qilib olindi.
Tashrif doirasida Imtiyozli savdo to`g`risidagi bitimning imzolangani muhim qadam bo`ldi.
Farmasevtika, to`qimachilik, charm-poyabzal, oziq-ovqat, qishloq xo`jaligi, qurilish, bank-moliya va boshqa asosiy yo`nalishlarda kooperasiyani kengaytirish yuzasidan muhim kelishuvlarga erishildi. Tashrif arafasida o`tkazilgan ishbilarmonlik tadbirlari natijasida umumiy qiymati 800 million dollarlik 60 ta yangi investisiya va savdo kelishuvlari imzolandi.
Tomonlar Markaziy va Janubiy Osiyoning o`zaro bog`liqligini mustahkamlashga qaratilgan yirik qo`shma transport-kommunikasiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirishga kelishib oldilar.
Pokiston hududi orqali xalqaro dengiz portlariga chiquvchi “Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar” strategik temir yo`lini qurish ishlarini yaqin muddatlarda boshlash muhimligi alohida ta`kidlandi.
‑ “Asr loyihasi” deb atalayotgan “Termiz – Mozori-Sharif – Kobul - Peshovar” temir yo`li nafaqat mamlakatlarimiz, balki keng mintaqalarimiz xalqlari umumiy ravnaqiga hissa qo`shadi, deb ishonamiz, – deb ta`kidladi Shavkat Mirziyoev.
Hududlararo hamkorlikda ulkan salohiyat mavjudligi ta`kidlandi. Bu borada Namangan viloyati va Panjob provinsiyasi muvaffaqiyatli namuna ko`rsatmoqda. Boshqa hududlar o`rtasidagi aloqalarni yanada kengaytirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Pokiston Bosh vaziri bilan muzokaralar chog`ida mintaqa kun tartibi va Afg`onistondagi bugungi vaziyat yuzasidan samarali fikr almashildi. Ushbu mamlakatda murakkablashayotgan gumanitar holat jiddiy tashvish va xavotir uyg`otayotgani qayd etildi.
Davlatimiz rahbari xalqaro hamjamiyatni afg`on xalqiga yordam ko`rsatish borasidagi sa`y-harakatlarni birlashtirishga chaqirdi.
O`zbekiston va Pokiston o`rtasida xavfsizlik, harbiy-texnik sohalarida, terrorizm, ekstremizm va transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi hamkorlik samarali rivojlanmoqa.
Mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar doirasida birgalikda ishlash mexanizmlari yo`lga qo`yilgan. O`zbekiston va Pokiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Shanxay hamkorlik Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkilotida bir-birini qo`llab-quvvatlashni davom ettirishda qat`iy ekanliklarini tasdiqladilar.
Madaniy-gumanitar soha sheriklikning eng muhim va istiqbolli yo`nalishlaridan biri sifatida belgilab olindi.
‑ Qadimiy Buyuk Ipak yo`li chorrahasida joylashgan O`zbekiston va Pokiston xalqlarini azaldan umumiy tarix, o`xshash til va boy ma`naviy meros chambarchas bog`lab turadi, - dedi Shavkat Mirziyoev.
Ikki mamlakat fan, san`at, kino, sport sohalaridagi aloqalarni kengaytirish, yoshlarga oid dasturlarni amalga oshirish tarafdori.
O`zbekistonda yil sayin urdu tilini o`rganishga qiziqish ortib borayotgani ta`kidlandi. Pokistonda ham Islomobod zamonaviy tillar universiteti, Panjob va Peshovar universitetlari kabi oliy ta`lim muassasalari negizida o`zbek tili va adabiyoti, O`zbekiston tarixini o`rganishga katta e`ibor qaratilmoqda.
‑ Tashrif davomida salmoqli hujjatlar to`plamini, jumladan, Strategik sheriklikni rivojlantirish bo`yicha kelgusi qadamlar to`g`risida qo`shma deklarasiyani imzoladik. Unda mamlakatlarimiz o`rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish bo`yicha bo`lajak sa`y-harakatlarimiz belgilab olingan. Ma`naviy ildizlardan kuch va ilhom olayotgan aloqalarimiz kelgusida ham xalqlarimizning orzu-intilishlariga va biz tuzayotgan katta-katta rejalarga mos ravishda yangi marralarga ko`tariladi, - dedi O`zbekiston Prezidenti.






