DXX 4 viloyatda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ishga kiritib qo`yishni va`da qilganlarni qo`lga oldi. Bu haqda "Darakchi"ga DXX Matbuot xizmati xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, Samarqandda o`tkazilgan tezkor tadbirda muqaddam firibgarlik jinoyati sodir etgani uchun bir necha bor sudlangan shaxs tanishlari orqali fuqaroni DXX idoralariga ishga kiritib qo`yish evaziga 50 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Namanganda Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining harbiy xizmatchisi o`zganing ishonchiga kirib, ichki ishlar idoralariga ishga kiritib qo`yish evaziga 5 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Sirdaryoda yashovchi, sobiq ichki ishlar xodimi, o`zini go`yoki Milliy Gvardiyaning viloyat boshqarmasida ishlovchi xodimi sifatida tanishtirib, Milliy Gvardiyaga ishga kiritib qo`yish evaziga, 4 ming AQSh dollari olgan vaqtida qo`lga olindi.
Qashqadaryoda muqaddam Mudofaa vazirligi tizimida ishlab, nafaqaga chiqqan shaxs fuqaroni Milliy Gvardiyaga ishga kirishida yordam berish evaziga 4 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.






