AsosiyJamiyat

O`zbekistonda biznesingiz uchun qanday sharoit, nima kafolat kerak bo`lsa, ko`rib chiqishga tayyormiz, – Prezident

'O`zbekistonda biznesingiz uchun qanday sharoit, nima kafolat kerak bo`lsa, ko`rib chiqishga tayyormiz, –  Prezident'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev 4 mart kuni Islomobod shahrida Pokistonning etakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o`tkazdi.

Tadbirda «Nishat Grupp», «Getz Farma», «Piramid Lojistiks», «Ejaz Grup», «AKD Grup», «Vax Nobel Grupp», «Najib Fayber», «Sapfir Grup» kabi ko`plab kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi.

Ushbu shirkatlarning umumiy aktivlari 40 milliard dollardan ziyodni tashkil etadi.  

Davlatimiz rahbari xorijiy tashriflari chog`ida bunday uchrashuvlar o`tkazishga alohida vaqt ajratadi. Bu O`zbekistonning hamkorlikka intilishi yuqori ekanini namoyon etib, ishbilarmonlarning ishonchini oshirmoqda.  

Uchrashuvda mamlakatimizda iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida bozor mexanizmlari joriy qilinayotgani, biznes rivojini cheklaydigan to`siqlar bartaraf etilgani ta`kidlandi. Taraqqiyot strategiyasi asosida xorijiy biznes ishtirokini kengaytirish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.

Bugungi kunda O`zbekiston bilan Pokiston o`rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko`tarilgan. Jumladan, savdo-iqtisodiy va investisiyaviy sohalarda tizimli aloqalar yo`lga qo`yilgan. Keyingi yillarda mamlakatlarimiz o`rtasidagi savdo hajmi 5 barobar oshgan. Pandemiya cheklovlariga qaramay yil boshidan beri ushbu ko`rsatkich yana 70 foiz o`sgan.

Prezidentimiz so`zining avvalida Pokiston Bosh vaziri bilan o`tkazilgan muzokaralar natijalariga to`xtaldi. 

–  Tarixiy tashrifimiz davomida ilk bor Imtiyozli savdo bitimini imzoladik. Transport va tranzit sohasidagi hamkorlikni alohida nazoratga olishga kelishib oldik. Asosiy maqsadimiz – mahsulotlarni davlatlarimiz o`rtasida to`siqsiz va eng qisqa muddatlarda etkazib berish tizimini yaratishdan iborat, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Bunday e`tibor va sharoitlar o`zaro aloqalarni faollashtirib, yaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini 500 million dollarga, kelgusi esa 1 milliard dollarga etkazish  uchun mustahkam zamin yaratishiga ishonch bildirildi.

O`zbekiston Prezidentining tashrifi arafasida Islomobodda o`tgan biznes forumda to`qimachilik, farmasevtika, qurilish materiallari, bank-moliya, kimyo sanoati va boshqa yo`nalishlarda umumiy qiymati 800 million dollarlik savdo va investisiya loyihalari bo`yicha kelishuvlarga erishilgan edi. Bu loyihalarning barchasi sanoat kooperasiyasi dasturiga kiritilib, qat`iy nazoratga olinishi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari Pokiston kompaniyalarini birgalikdagi loyihalarni ko`paytirishga chaqirdi.

- Bugun sizlarning aniq takliflaringizni eshitmoqchiman. Bu erda hukumat a`zolari, sanoat tarmoqlari mas`ullari yig`ilgan. O`zbekistonda biznesingiz uchun qanday sharoit, nima kafolat kerak bo`lsa, ko`rib chiqishga tayyormiz, - dedi Prezident.

Uchrashuvda hamkorlikning yangi yo`nalishlari, turli sohalarda mavjud imkoniyatlar yuzasidan fikr almashildi. Istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.  

Prezidentimiz ishbilarmonlarning rejalarini ma`qullab, barcha tashabbus va shartnomalarni o`z ichiga olgan “yo`l xaritasi” ishlab chiqish bo`yicha mutasaddilarga topshiriq berdi. 

    Boshqa yangiliklar