2022 yil 4 mart kuni Toshkent shahrida “BMTning Global aksilterror strategiyasini amalga oshirish bo`yicha birgalikdagi harakatlar rejasi doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqaviy hamkorligi” mavzusidagi xalqaro konferensiya o`z ishini davom ettirdi. Xalqaro anjumanning ikkinchi kuni uchinchi va to`rtinchi sho``ba majlislari bo`lib o`tdi.
To`rtinchi sho``ba majlisi “Inson huquqlarining umumjahon miqyosida hurmat qilinishi va qonun ustuvorligi ta`minlanishi – terrorizmga qarshi kurashning asosiy tayanchi” mavzusiga bag`ishlandi. Majlisga EXHTning Transmilliy tahdidlarga qarshi kurash bo`yicha faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Elena Kupchina moderatorlik qildi.
Muhokamalar avvalida Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, Qozog`iston Respublikasining Nur-Sulton shahar sudi sudyasi Shinar Ergalieva, Tojikiston Respublikasining Geosiyosiy tadqiqotlar markazi direktori Guzel Maytdinova, O`zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining birinchi o`rinbosari Bahriddin Valiev, Qirg`iz Respublikasi Akiykatchisi (Ombudsmeni) o`rinbosari Albert Kolopov, shuningdek, EXHTning Bishkekdagi Dasturiy ofisi rahbari Aleksey Rogovning ma`ruzalari tinglandi.
Xususan, A.Saidov xalqaro konferensiyada inson huquqlari masalalariga katta e`tibor berilayotgani Prezident Shavkat Mirziyoevning Yangi O`zbekistonni bunyod etish yo`lida ilgari surgan “Inson qadri uchun” tamoyili bilan o`zaro uyg`un va hamohang ekaniga e`tiborni qaratdi. O`zbekiston Respublikasi Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida bugungi kunda Markaziy Osiyoda xavfsizlikni ta`minlash sohasida ham samarali hamkorlik olib borilayotgani haqida so`z yuritar ekan, BMTning Global aksilterror strategiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini e`tirof etgani bejiz emas.
Toshkent xalqaro anjumani O`zbekiston Prezidentining BMT Bosh Assambleyasining ayni shu sessiyasida ilgari surgan tashabbusi doirasida tashkil etildi. Konferensiyaning BMT shafeligida, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar ishtirokida o`tkazilayotgani O`zbekiston olib borayotgan siyosat va uning jahon minbarlaridan e`lon qilingan tashabbuslari xalqaro hamjamiyat tomonidan keng hamda qat`iy qo`llab-quvvatlanayotganini ko`rsatadi.
Davlatimiz rahbari kuni kecha mazkur xalqaro konferensiya ishtirokchilariga yo`llagan tabrigida ta`kidlaganidek, “Bundan 15 yil muqaddam dunyoning barcha mamlakatlari BMTning Global aksilterror strategiyasini bir ovozdan ma`qullagan edilar. Ushbu hujjat terrorizmga qarshi kurashda milliy va xalqaro sa`y-harakatlarni birlashtirishga qaratilgan keng qamrovli, umume`tirof etilgan ilk huquqiy asos bo`ldi. 2011 yilda Markaziy Osiyoning beshta mamlakati uni ro`yobga chiqarishga doir Qo`shma harakatlar rejasini tasdiqlab, birinchi bo`lib mazkur dasturiy hujjatni mintaqalashtirish bo`yicha namuna ko`rsatdilar”.
Bu o`rinda mintaqa mamlakatlari terrorizmga qarshi kurash bo`yicha o`z milliy tizimlarini shakllantirgani va mamlakatlarning BMT tavsiyalariga to`liq mos keladigan harakatlar strategiyalari ishlab chiqilgani hamda izchil amalga oshirilayotganini alohida qayd etish lozim. Natijada bugun ko`plab nufuzli xalqaro reytinglarda Markaziy Osiyo dunyoning eng xavfsiz mintaqalari qatoridan o`rin egallamoqda.
O`zbekiston BMTning Global aksilterror strategiyasini qo`llab-quvvatlagan holda, terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurashish bo`yicha 14 ta xalqaro konvensiya hamda protokolni ratifikasiya qilgan. Bundan tashqari, mamlakatimizda “Ekstremizmga qarshi kurashish to`g`risida”, “Terrorizmga qarshi kurash to`g`risida”, “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg`in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to`g`risida”gi qonunlar hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan.
Eng asosiysi, “2022-2026 yillarga mo`ljallangan Yangi O`zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”dagi oltinchi ustuvor yo`nalish “Milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda umumbashariy muammolarga yondashish” deb nomlangan.
Ushbu ustuvor yo`nalishning “Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishning samarali mexanizmlarini shakllantirish” sarlavhali 82-maqsadida belgilangan amaliy chora-tadbirlar bu borada kelgusida yangi natijalarga erishishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Anjumanda bir qator nufuzli xalqaro va milliy ekspertlarning terrorizm va inson huquqlari mavzusining turli jihatlari bilan bog`liq fikr-mulohazalari tinglandi. Xususan, BMT Inson huquqlari bo`yicha kengashining Terrorizmga qarshi kurashda inson huquqlarini rag`batlantirish va himoya qilish masalalari bo`yicha maxsus ma`ruzachisi Fionnuala Ni Aolaynning xalqaro anjuman ishtirokchilariga videomurojaati namoyish etildi.
Shuningdek, BMT Inson huquqlari bo`yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyodagi Mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Rishard Komenda, BMT Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining jinoyatchilikning oldini olish va odil sudlov masalalari bo`yicha mutaxassisi Arturo Laurent, EXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosining aksilterror masalalari bo`yicha maslahatchisi Yoxannes Xayler o`z fikrlarini onlayn tarzda bildirdilar.
Xalqaro konferensiyada bevosita ishtirok etgan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo`yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova, O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi Jahongir Jo`raev, O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi boshlig`i Evgeniy Kolenko, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bosh ilmiy xodimi Baxtiyor Bobojonov, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov va Bola huquqlari bo`yicha vakil (Bolalar ombudsmani) Aliya Yunusova ham so`zga chiqdilar.
Shu bilan Toshkent xalqaro anjumani o`z ishini yakunladi.
Ikki kunlik global anjuman tashkilotchilari O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, shuningdek, BMT Aksilterror boshqarmasi, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo`yicha mintaqaviy markazi, Evropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hisoblanadi.






