Kecha, 4 mart kuni Oliy Majlis Senatida “Eng yaxshi ijtimoiy tashabbus” ko`rik-tanlovining respublika bosqichi g`oliblarini taqdirlash marosimi bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati ma`lum qildi.

Tadbirni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbaeva ochar ekan, mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirishga, tashabbuslarni amalga oshirishga, yoshlar va xotin-qizlarning bandligini ta`minlashga, ijtimoiy sheriklikni kuchaytirishga alohida e`tibor berilayotganini hamda bu borada keng imkoniyatlar yaratilganini ta`kidladi.
Ushbu tanlov yurt taqdiriga, jamiyat rivojiga befarq bo`lmagan vatandoshlarimizni, rahbar kadrlar va ishbilarmonlarni yuzaga chiqarishga xizmat qilishi qayd etildi.
Ko`rik-tanlovning tuman (shahar)lar bosqichida 3072 nafar, hududiy bosqichida esa 792 nafar ishtirokchi quyidagi nominasiyalar bo`yicha bellashdi:

“Eng yaxshi ijtimoiy tashabbuskor davlat boshqaruvi organi”;
“Eng yaxshi ijtimoiy tashabbuskor nodavlat notijorat tashkiloti”;
“Eng yaxshi ijtimoiy tashabbuskor tadbirkorlik sub`ekti”;
“Eng yaxshi ijtimoiy tashabbuskor fuqaro”;
“Eng yaxshi ijtimoiy tashabbuskor hokimlik”.

Final bosqichida esa mamlakatimizning 14 ta hududidan yuqori natijalarga erishgan, jamiyat rivoji yo`lida tashabbus ko`rsatayotgan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo`llab-quvvatlashda g`oliblikni qo`lga kiritgan hokimliklar, davlat boshqaruvi organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, tadbirkorlik sub`ektlari va jismoniy shaxslar ishtirok etdilar.

G`oliblarni aniqlashda Respublika komissiyasi ishtirokchilar hujjatlarini ko`rib chiqib, besh nominasiya bo`yicha qabul qilingan tegishli hujjatlarda belgilangan vazifalar ijrosi ta`minlanganligi, ijtimoiy tashabbus ko`rsatilganligi, fuqarolar bilan ishlashda yangicha innovasion yondashuvlarning qo`llanilganligi hamda targ`ibot-tashviqot ishlarining olib borilganligi kabi mezonlarga e`tibor qaratipldi.
Tanlov natijalariga ko`ra “Eng yaxshi ijtimoiy tashabbuskor davlat boshqaruvi organi” nominasiyasida 1-o`rinni Respublika ma`naviyat va ma`rifat markazi Qashqadaryo viloyati Kitob tumani bo`limi, 2-o`rinni Buxoro viloyati Vobkent tumani xalq ta`limi bo`limi, 3-o`rinni Toshkent viloyati Zangiota tumani 32-sonli davlat maktabgacha ta`lim tashkiloti qo`lga kiritdi.
“Eng yaxshi ijtimoiy tashabbuskor nodavlat notijorat tashkiloti” nominasiyasida esa 1-o`rin Xorazm viloyatidagi “Yoshlar kelajagimiz” jamg`armasiga, 2-o`rin Andijon viloyatidagi “Mehrimiz sizga” nodavlat notijorat tashkilotiga, 3-o`rin Buxoro viloyati “Tadbirkor ayol” O`zbekiston ishbilarmon ayollar assosiasiyasi hududiy bo`linmasiga nasib etdi.
“Eng yaxshi ijtimoiy tashabbuskor tadbirkorlik sub`ekti” nominasiyasida 1-o`rin Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanidagi “Mirshodi Ko`zmunchoqlari” nodavlat maktabgacha ta`lim tashkilotiga, 2-o`rin Toshkent shahridagi “COMFORT ENJINEERING GROUP” MChJ, 3-o`rin Toshkent viloyatidagi “INDIVID” nodavlat ta`lim muassasasiga nasib etdi.
“Eng yaxshi ijtimoiy tashabbuskor fuqaro” nominasiyasi bo`yicha 1-o`rin Andijon viloyatidagi “Robocode” dasturlash akademiyasidan Abdulaziz Yakubovga, 2-o`rin Qashqadaryo viloyati Yakkabog` tumanidagi “SITORA IMKON PLYuS” nodavlat ta`lim muassasasi rahbari Nargiza Salomovaga va Farg`ona viloyati xalq deputatlari Oltiariq tuman Kengashi deputati, “Grant diamond fruits” oilaviy korxonasi rahbari Abdullajon Isaqovga, 3-o`rin Qoraqalpog`iston Respublikasi, bloger Ali Egamberdievga va Buxoro viloyatidan tadbirkor Halimjon Safarovga nasib etdi.
Bundan tashqari, “Eng yaxshi ijtimoiy tashabbuskor hokimlik” nominasiyasida 1-o`rinni Jizzax viloyati Do`stlik tumani hokimligi, 2-o`rinni Toshkent shahar Yangi hayot tumani hokimligi, 3-o`rinni Navoiy viloyati Navbahor tumani hokimligi egalladi.

G`oliblar I, II, III darajali diplomlar va O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati hamda homiy tashkilotlarning qimmatbaho sovg`alari bilan taqdirlandilar.






