Prezident 1 mart kuni «Xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O`zbekiston Respublikasi fuqarolarini va ularning oila a`zolarini qo`llab-quvvatlash bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida»gi [PQ-149-son] qarorni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma`lum qildi.
Prezident qarori bilan boquvchisi xorijga ishlashga ketgan va «Ijtimoiy himoya yagona reestri» ro`yxatida turgan fuqarolarga 540 ming so`mdan bir martalik yordam beriladi.
Xabarga ko`ra, ularning nogironligi bo`lgan oila a`zolariga dori-darmon, nogironlik aravasi, eshitish apparati va ortopedik mahsulotlar xarid qilish uchun 1,3 mln so`mdan yordam ham ko`rsatiladi. Qolaversa, daftarlardan biriga kiritilgan va tashkillashtirilgan mehnat migrasiyasi bilan ishlashga ketganlarga 10 mln so`mgacha mikroqarz taqdim etiladi.
Hujjatga ko`ra, 2022 yil 1 iyundan Rossiya Federasiyasi, Turkiya hamda Qozog`istonning tegishli hududlarida (12 ta) Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migrasiyasi agentligining vakillik instituti joriy qilinadi.
Mazkur hududlarning har biriga kamida 2 nafar vakil biriktiriladi.
2022 yil 1 maydan har yili hokim yordamchilari yozma tavsiyanomasiga asosan:
- boquvchisi xorijga mehnat migrasiyasiga chiqib ketgan va «Ijtimoiy himoya yagona reestri» axborot tizimida ro`yxatda bo`lgan oilalarga BHMning 2 baravari (540 ming so`m) miqdorida bir martalik moddiy yordam ko`rsatiladi;
- mehnat migrasiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning «Ijtimoiy himoya yagona reestri» axborot tizimida ro`yxatda bo`lgan yoki «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari» (daftarlar)dan biriga kiritilgan, nogironligi bo`lgan oila a`zolariga dori-darmon, nogironlik aravachalari, eshitish apparatlari va ortopedik mahsulotlar xarid qilish uchun BHMning 5 baravari (1 mln 350 ming so`m) miqdorida bir martalik moddiy yordam ko`rsatiladi;
- mehnat migrasiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning O`zbekistonda ular bilan birga yashovchi pensiya yoshiga etgan yoki I va II guruh nogironligi bo`lgan oila a`zolariga kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriy va profilaktik davolanish muassasalariga bir martalik bepul yo`llanma beriladi.
Shuningdek, mahallalardagi yoshlar etakchilarining yozma tavsiyanomasiga asosan «Ijtimoiy himoya yagona reestri» axborot tizimida ro`yxatda bo`lgan yoki «daftarlar»dan biriga kiritilgan hamda mehnat migrasiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning bolalariga mavsumiy faoliyat yuritadigan oromgohlarga bepul yo`llanmalar beriladi.
O`zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasiningmablag`lari hisobidan mehnat migrasiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning oila a`zolariga yordam pullari va yo`llanmalar berishda:
- yordam pullari va yo`llanmalar basharti mehnat migrasiyasiga chiqib ketgan fuqarolar «Labor migration» dasturiy majmuasida ro`yxatdan o`tgan bo`lsa beriladi;
- talabgorlar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga «Labor migration» dasturiy majmuasi orqali elektron murojaat qiladi.
Qarorga ko`ra, xorijda vaqtinchalik ishlayotgan va ta`lim olayotgan o`zbekistonlik yoshlarni qo`llab-quvvatlash maqsadida «Xorijdagi yoshlar balansi» shakllantirilib, ular to`g`risidagi ma`lumotlar «Yoshlar portali» elektron platformasiga kiritib boriladi.
2022 yil 1 martdan «daftarlar»dan biriga kiritilgan va tashkillashtirilgan mehnat migrasiyasi yo`li bilan vaqtinchalik ishlash uchun xorijga chiqib ketayotgan fuqarolarga ham 10 million so`mgacha miqdorda bir yil muddatga miqroqarzlar beriladi.
Shuningdek, 2023 yil 1 yanvargacha quyidagilar bo`yicha kompensasiyalar to`lanadi:
- xorijiy tillar yoki kasb bo`yicha malaka imtihonlarini topshirish bilan bog`liq xarajatlarini qoplash uchun, basharti ular muvaffaqiyatli topshirilganda — BHMning 3 baravari (810 ming so`m) miqdorida;
- yo`l chiptasini xarid qilish bo`yicha — BHMning 2 baravari (540 ming so`m) miqdorida;
- «ishchi viza»ni rasmiylashtirish bo`yicha — BHMning 5 baravari (1 mln 350 ming so`m) miqdorida.