Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida yana bir murakkab jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o`tkazildi. Shu yilning 23 fevral kuni 2004 yilda tug`ilgan bemor A. og`ir holatda tez tibbiy yordam mashinasida RShTYoIM qabulxonasiga olib kelingan. Bu haqda SSV Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Bemor qurilish ob`ektining 5-qavatidan yiqilib tushgani sababli jarohat olgani aniqlangan. U zudlik bilan shok zaliga yotqizilib, markaz mutaxassislari tomonidan bosh miya, bo`yin, ko`krak va bel umurtqa pog`onasi, ko`krak qafasi, qorin bo`shlig`i a`zolarida MSKT tekshiruvi hamda qorin bo`shlig`i, ko`krak qafasida ultratovush tekshiruvlari o`tkazilib, bemorga tashxis qo`yilgan.
— Tegishli mutaxassislar tekshiruvidan so`ng qo`yilgan tashxis asosida bemorda zudlik bilan bir necha jarrohlik amaliyotlari o`tkazildi, — deydi markaz direktori Doniyor Alimov. — Dekompressiv lyaminektomiya, ayrim umurtqalarni reklinasiya va stabilizasiya qilish orqali umurtqa pog`onasiga transpedikulyar sistema o`rnatish kabi operasiyalar shular jumlasidan. Yuqori saviyada o`tgan amaliyotlar natijasida bemorning hayoti saqlab qolindi.
Operasiyadan keyin ko`krak va bel sohasi MSKT qilinganda, hech qanday xafv aniqlanmagan. O`tkazilgan jarroxlik amalyotlari va davo choralari natijasida o`smir yigitchaning umumiy ahvoli yaxshilandi. Hozirda uning gemodinamik ko`rsatkichlari barqarorlashib, kundan kunga ijobiy o`zgarishlar qayd etilmoqda.






