Yurak – tunu kun ishlaydigan tanamizning eng muhim a`zosi. Agar unga biror kor-xol bo`lsa, butun organizm faoliyati ishdan chiqadi. Shu sababdan uning salomatligi haqida doimo qayg`urishimiz shart. Aks holda yurak–qon tomir tizimida jiddiy asoratlar kuzatilishi mumkin.
O`rtachirchiqlik To`xtasin Dehqonov 66 yoshda. U uzoq yillar arterial gipertoniya kasalligi, ya`ni yuqori qon bosimidan jiddiy aziyat chekib kelgan. Biroq shifokorlarga o`z vaqtida murojaat qilmagani va kerakli muolajalarni olmagani sababli xastalik og`ir asoratlarni keltirib chiqargan.
Xususan, shu yil yanvarda MSKT tekshiruvidan so`ng uning yurak–qon tomir tizimida jiddiy muammo borligi, aorta qon tomirining yuqori qismi esa katta hajmda shishgani ma`lum bo`ldi. Avvaliga bemor viloyatdagi hududiy shifoxonalarda infarkt tashxisi bilan davolanib yurdi, ammo o`zgarish bo`lmadi. Oqibatda ikki hafta oldin poytaxtimizdagi shifoxonalardan biriga o`ta og`ir ahvolda olib kelindi.
Shundan so`ng Rossiyaning Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi markazida tajriba orttirib qaytgan mohir kardiojarroh, tibbiyot fanlari doktori, professor Rustam Yarbekov boshchiligidagi shifokorlar bemorni zudlik bilan tekshiruvdan o`tkazdi.
Tomografiya tekshiruvida aortaning ko`tariluvchi qismi yorilib, qavatlarga bo`linib, aortaning tushuvchi ko`krak qismining o`rtasigacha tromb hosil bo`lgani aniqlandi. Qolaversa, bu yorilish miya tomirlari, uyqu, qo`l va o`mrov osti arteriyalariga tarqalganligi hamda aortaning ravog`i va pastga tushuvchi qismigacha o`tganligi kuzatildi.
Tashxis xulosalaridan so`ng vaziyat jiddiy ekani ma`lum bo`lib, bemor darhol operasiya stoliga yotqizildi. 12 soat davom etgan murakkab jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli yakunlanib, otaxon og`ir darddan butkul xalos bo`ldi. Ayni paytda bemor palataga olingan, ahvoli yaxshi.
— Operasiyaning og`ir o`tishini avvaldan bilardik, — deydi Rustam Yarbekov. — Sababi ham aortaning ko`tariluvchi va tushuvchi qismi, ham ravog`i hamda miya tomirlarini sun`iy protezlash uchun uzoq vaqt talab etiladi. Qolaversa, mazkur amaliyotning noyobligi bemor tanasi 16 darajagacha sovutilib, tanadagi qon aylanishi 112 daqiqaga to`xtatib qo`yildi. Faqat braxiosefal va uyqu arteriyasi orqaligina miya qon bilan ta`minlab turildi.
Aytish lozimki, bu kabi operasiyalarni o`tkazish uchun anesteziolog, reanimatolog, perfuziolog kabi malakali tibbiyot xodimlari bilan bir qatorda so`nggi avlod sun`iy qon aylanish uskunasi, gipoterm va miyada qon aylanishi va oksigenasiyani ko`rsatuvchi zamonaviy tibbiy jihozlar talab qilinadi.
Shu sababli ham avvallari bunday amaliyotlar faqat xorijda o`tkazilgan. Quvonarlisi, kardioxirurgiya sohasiga qaratilayotgan yuksak e`tibor natijasida bugun yurtimizda ham ana shunday noyob operasiyalarni bajarish imkoni yaratildi. Bu esa mamlakatimizda kardiojarrohlik sohasi yuqori darajaga ko`tarilganini ko`rsatadi.
Fursatdan foydalanib, bemor To`xtasin Dehqonovni ham suhbatga tortdik.
— Shu yil yanvar oyida koronavirusga chalindim, — deydi otaxon. — Buning ustiga, tez-tez qon bosimim ko`tariladigan, yuragim og`riydigan, tez charchaydigan bo`lib qoldim. Ayniqsa, oxirgi vaqtlarda juda ham ozib ketdim. Tekshiruvga borganimda yuragimda jiddiy xastalik aniqlandi.
O`sha paytda yurtimizdagi juda ko`p shifoxonalarga bordik. Biroq ko`pchilik “bu operasiya murakkab bo`lgani uchun faqat Germaniya, Hindistonda katta mablag` evaziga qilinadi” deyishdi. Keyin bilsak, yurtimizda ham bunday amaliyotni o`tkazish uchun sharoit va malakali shifokorlar bor ekan. Hozir ahvolim ancha yaxshi. Shifokorlarning aytishicha, tez kunda yana sog`lom hayotga qaytarkanman. Buning uchun ularga katta rahmat.






