AsosiyJamiyat

Uy-joyga subsidiya olish uchun qanday hujjatlar kerak?

'Uy-joyga subsidiya olish uchun qanday hujjatlar kerak?'ning rasmi

Ipoteka kreditlari bo`yicha subsidiya olish uchun shaxslar ariza bilan istalgan tuman (shahar) Davlat xizmatlari markaziga o`zi kelib murojaat etadi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida ro`yxatdan o`tadi.

Anketa-ariza elektron tarzda to`ldiriladi va unga quyidagilar elektron tarzda ilova qilinadi yoki ma`lumotlar taqdim etiladi:

●  jismoniy shaxsning shaxsiy identifikasiya raqami ma`lumotlari;

●  oila a`zolarining (jismoniy shaxsning) shaxsiy identifikasiya raqami ma`lumotlari va nikoh qayd etilganligi guvohnomasi (to`liq oila va nikoh hamda voyaga etgan farzandlar mavjud bo`lgan taqdirda) va (yoki) farzandlar tug`ilganligi haqidagi guvohnomalar (voyaga etmagan farzandlar bor bo`lgan taqdirda) nusxalari;

●  belgilangan tartibda nikoh bekor qilinganligi haqidagi guvohnoma yoki nikoh haqiqiy emas deb tan olinganligi to`g`risida sud qarori (nikoh qayd etilgan holatda) yoki oilaviy holati to`g`risida FHDYo arxividan ma`lumotnoma nusxasi (nikoh qayd etilmagan holatda);

●  doimiy yashash joyi bo`yicha ro`yxatga olingan joyidan kadastr raqami va turiga tegishli ma`lumotlar (agar turar joyi doimiy yashash joyi bo`yicha ro`yxatga olingan joyi bilan to`g`ri kelsa);

●  doimiy yashash joyi bo`yicha ro`yxatga olingan joyidan uy daftarining yoki kvartiralar bo`yicha kartochkaning nusxasi (agar turar joyi doimiy yashash joyi bo`yicha ro`yxatga olingan joyi bilan to`g`ri kelsa);

●  ariza beruvchi va birgalikda qarz oluvchilarning daromadi va ushlab qolingan daromad soliqlari to`g`risidagi ma`lumotnoma (qo`shimcha daromadlar bo`lsa soliq deklarasiyasi).

️Yuqoridagilardan tashqari ma`lumot va hujjatlarni talab qilish qat`iyan taqiqlanadi.

 Shuningdek, subsidiya olish uchun murojaat qilgan ariza beruvchidan “Ijtimoiy himoya yagona reestri” AT orqali olish mumkin bo`lgan hujjatlarni (ma`lumotlarni) talab qilish man etiladi.

Bundan tashqari, mehnat migrantlari nomidan ipoteka kreditlari bo`yicha subsidiya olish to`g`risidagi arizani uning oila a`zolari berishi mumkin.

 Xizmatlar ariza beruvchilarga bepul amalga oshiriladi.

 

    Boshqa yangiliklar