“Oila va xotin-qizlar davlat qo`mitasi faoliyatini tashkil etish to`g`risida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.
Qaror bilan Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo`yicha respublika komissiyasi tashkil etildi.
Qarorga ko`ra, mahallalardagi xotin-qizlar faollari lavozimlariga nomzodlar ochiq tanlovlar asosida ishga qabul qilinadi.
Ushbu lavozimga oila va xotin-qizlar bilan ishlash tajribasiga ega, shaxsiy fazilatlari bilan namuna ko`rsatgan, fidoyi va sadoqatli nomzodlar tayinlanadi.
2022 yil 1 maydan mahalladagi xotin-qizlar faolining oylik ish haqi miqdori u biriktirilgan mahalladagi xonadonlar soniga mutanosib ravishda quyidagicha belgilanadi:
- xonadonlar soni 500 tagacha bo`lgan mahallada – mehnatga haq to`lashning eng kam miqdorining 3,5 baravari (2 mln 877 ming so`m) miqdorida;
- xonadonlar soni 501 tadan 1 000 tagacha bo`lgan mahallada – mehnatga haq to`lashning eng kam miqdorining 4 baravari (3 mln 288 ming so`m) miqdorida;
- xonadonlar soni 1 000 tadan ortiq bo`lgan mahallada – mehnatga haq to`lashning eng kam miqdorining 4,5 baravari (3 mln 699 ming so`m) miqdorida.
2022 yil 1 avgustgacha mahallalardagi xotin-qizlar faollari “Ayollar daftari”ni yuritish, masofadan turib hisobotlar taqdim etish hamda videokonferensaloqa shaklida yig`ilishlarda ishtirok etish imkonini beruvchi planshetlar bilan ta`minlanadi.
Qaror bilan shuningdek, Bosh prokuratura tuzilmasida Xotin-qizlar huquqlarini ta`minlash hamda ularni tazyiq va zo`ravonlikdan himoya qilish sohalarida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi tashkil etildi.






