Rossiya Sog`liqni saqlash vazirligi 2021 yil 19 noyabrdagi 1079n-son buyrug`i bilan tasdiqlangan tibbiy ko`rik o`tkazish, jumladan, chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo`lmagan shaxsda giyohvandlik vositalari, psixotrop va xavfli psixofaol moddalar, ularning metabolitlari mavjudligi, OIV bilan bog`liq kasalliklar bor-yo`qligi yuzasidan kimyo-toksikologik tadqiqotlar o`tkazish tartibiga o`zgartirish kiritdi.
Mazkur masala bo`yicha 2022 yil 21 fevraldagi 94n-sonli tegishli buyruq Rossiya Adliya vazirligi tomonidan ro`yxatga olindi.
Tasdiqlangan o`zgartirishlarga muvofiq, sertifikat va tibbiy xulosalarning amal qilish muddati 12 oygacha uzaytirildi.
Bundan tashqari, chet el fuqarolarini ko`rikdan o`tkazishda endilikda ularning ilgari dispanserizasiyadan o`tganligi yoki tibbiy hujjatlar bilan tasdiqlangan profilaktik ko`rikdan o`tganligi to`g`risidagi ma`lumotlar inobatga olinadi.
Shu bilan birga, bir qator kasalliklarni diagnostika qilish uchun tadqiqotlar o`tkazish usullari kengaytirildi.
Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni iste`mol qilishni barvaqt aniqlash maqsadida maktab, kollej va oliy ta`lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarni profilaktik tibbiy ko`rikdan o`tkazish talablarini inobatga olgan holda, 6 yoshdan 18 yoshgacha bo`lgan chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo`lmagan shaxslarni ko`rikdan o`tkazish uchun zarur bo`lgan tibbiy tadqiqotlar hajmi qisqartirildi.
Shu tarzda, 13 yoshdan kichik bo`lgan chet el fuqarolari uchun giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar mavjudligi yuzasidan kimyo-toksikologik tadqiqotlarni o`tkazish talabi ushbu hujjatdan chiqarib tashlandi.
Tibbiy ko`rik doirasida diagnostika qilishni talab etadigan yuqumli kasalliklar ro`yxatidan yangi koronavirus infeksiyasi chiqarib tashlandi.
Tibbiy ko`rikdan o`tkazishning yangi tartibi, jumladan, qayd etilgan o`zgarishlar bilan birgalikda kimyo-toksikologik tadqiqotlar o`tkazish 2022 yilning 1 martidan kuchga kiradi.






