8 mart har bir ayol e`tibor kutadigan kun, shubhasiz. Ona, rafiqa, ustozlar-u amma-xolalargacha go`zal dil izhorlari bildiriladi.
“Darakchi” gazetasi va “darakchi.uz” sayti ijodkorlari 8 mart arafasida jamiyatimizning turli sohalarida faoliyat yuritayotgan eng fidoiy ayollarni tabriklab, ularning quyidagi ikki savol atrofidagi mulohazalarini eshitishni maqsad qildi.
1. Bayramlar sizning hayotingizda qanchalik ahamiyatga ega?
2. Jamiyatimizda ayollarning o`rnini qanday baholaysiz?
“ShU KUNLARGA ETGANLAR UChUN OMAD!”
Sayyora SAIDINOMOVA,
81-sonli IDUM direktor o`rinbosari,
“Xalq ta`limi a`lochisi”:
— Albatta, bayramni sevmaydigan inson bo`lmasa kerak. Chunki bayram bu xursandchilik degani, bu baxt degani. Bu kunlarga etganlar uchun bu omad degani. Shuning uchun men bayramlarni juda yaxshi ko`raman. Ayniqsa, 2 sentyabr — “Bilimlar kuni” biz o`qituvchilar uchun eng katta bayram hisoblanadi. O`sha kuni uzoq ta`tildan qaytgan bolajonlarimiz bilan ko`rishamiz. Mustaqillik darslarini o`tamiz. Hammada ko`tarinki kayfiyat. O`quvchilar ham, biz ham kuchga to`lib, bir-birimizni sog`inib, maktabni, darslarni sog`inib chiqqan kunimiz bo`ladi. O`sha kuni o`zimizni xuddi uzoq vaqt ko`rishmagan qadrdonlarimiz bilan diydorlashgandek his qilamiz.
— Chindanam bugungi kunda barcha sohalarda, turli tizimlarda ayollarning nufuzi oshib borayotganiga guvoh bo`lyapmiz. Sababi, ayollarimiz ham o`zining salohiyatli ekanligini ko`rsata olishmoqda. Misol uchun, chet elda ham turli kasblarda faoliyat yuritayotgan ayollarimiz bor. Xorijda ta`lim olib kelayotgan xotin-qizlarimiz bor.
Umuman, har bir ayol bugun o`qib-o`rganishda, izlanishda, desam mubolag`a bo`lmaydi. Men o`ylaymanki, oilaning tinch bo`lishi ham, qaysidir ma`noda oilaning mustahkam bo`lishi ham ayollarga bog`liq. Xotin-qizlarimizning bilimli, ilmli bo`lgani oilaning kelajagi, nafaqat oilaning, balki jamiyatning kelajagi hisoblanmish farzandlarni tarbiyalashda juda qo`l keladi. Agar ayol o`zi keng dunyoqarashga ega bo`lsa, ertaga yurt uchun xuddi shunday avlodni tarbiyalab bera oladi, nazarimda. Shu o`rinda imkoni bo`lsa, barcha ayollarimizni bayram bilan tabriklamoqchiman. Ularni sog`lik-salomatlik va go`zallik tark etmasligini tilayman.






