O`zbekistonda xotin-qizlarning haq-huquqlarini, qonuniy manfaatlarini ta`minlash, qobiliyat va imkoniyatlarini ro`yobga chiqarish va ularni jamiyatning teng huquqli a`zosiga aylantirish borasidagi ishlar yangi bosqichga chiqdi, shubhasiz. Xususan, berilayotgan imtiyozlar va yaratilayotgan sharoitlar o`laroq, ayollarning jamiyatdagi o`rni ham oshib bormoqda. 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan O`zbekiston qonunchiligida ayollarimizga berilgan imtiyozlar va ularning qonuniy haq-huquqlari haqida Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi rahbari Sevara Urinbaeva taqdim etgan ma`lumotlar asosida to`xtalishga qaror qildik.
AYoL VA ERKAK TENG HUQUQLIDIR
O`zbekistonda jins bo`yicha kamsitishga yo`l qo`yilmaydi. Davlat xotin-qizlar va erkaklarga shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni amalga oshirish chog`ida teng huquqlilikni kafolatlaydi.
IShDAN BO`ShATISh YoKI IShGA OLMASLIK TAQIQLANADI, QAChONKI...
Homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanadi. Homilador yoki uch yoshga to`lmagan bolasi bor ayolni ishga qabul qilish rad etilgan taqdirda ish beruvchi rad etishning sabablarini ularga yozma ravishda ma`lum qilishi shart.
OG`IR MEHNATGA JALB ETILMAYDI
Mehnat sharoiti noqulay ishlarda, shuningdek er osti ishlarida ayollar mehnatini qo`llash taqiqlanadi. Ayollarning ular uchun mumkin bo`lgan normadan ortiq yukni ko`tarishlari va tashishlari man etiladi.
NIKOHDAN AJRATISh MUMKIN EMAS, AGAR...
Agar xotini homilador va bolasi tug`ilganiga bir yil to`lmagan bo`lsa, er xotinining roziligisiz nikohdan ajratish to`g`risida ish qo`zg`atishga haqli emas. Bu O`zbekiston Respublikasining Oila kodeksida qat`iy belgilab qo`yilgan.
QO`ShIMChA TA`TILLAR OLISh HUQUQIGA EGA
12 yoshga to`lmagan ikki va undan ko`p bolasi yoki 16 yoshga to`lmagan nogiron bolasi bor ayollarga har yili 3 ish kunidan kam bo`lmagan haq to`lanadigan qo`shimcha ta`til beriladi.
Shuningdek, ularning xohishiga ko`ra har yili 14 kalendar kunidan kam bo`lmagan ish haqi saqlanmagan ta`til beriladi.
Bunday ta`til yillik ta`tilga qo`shib berilishi yoki alohida foydalanilishi mumkin.
ZO`RAVONLIKDAN JABR KO`RGANLAR DAVLAT HIMOYaSIGA OLINADI
Zo`ravonlikdan jabr ko`rgan xotin-qizlar Ayollarni reabilitasiya qilish va moslashtirish markazlariga joylashtiriladi. Shuningdek, ularga himoya orderlari beriladi va ayollarning voyaga etmagan farzandlarining yo`qotilgan biometrik pasportlari tiklab beriladi. Eng muhimi, tazyiq va zo`ravonlikka uchragan xotin-qizlar ariza bilan sudga murojaat etganida davlat boji to`lashdan ozod qilingan.
ROZILIGISIZ ÛO`ShIMChA IShLARGA VA XIZMAT SAFARIGA YuBORISh MUMKIN EMAS
Homilador ayollarni va o`n to`rt yoshga to`lmagan bolasi (o`n olti yoshga to`lmagan nogiron bolasi) bor ayollarni ularning roziligisiz tungi ishlarga, ish vaqtidan tashqari ishlarga, dam olish kunlaridagi ishlarga jalb qilishga va xizmat safariga yuborishga yo`l qo`yilmaydi.
HAFTASIGA 35 SOATDAN OShMAYDIGAN ISh SOATI
Uch yoshga to`lmagan bolalari bor, byudjet hisobidan moliyaviy jihatdan ta`minlanadigan muassasalar va tashkilotlarda ishlayotgan ayollarga ish vaqtining haftasiga 35 soatdan oshmaydigan qisqartirilgan muddati belgilanadi.
HOMILADORLIK VATUG`ISh TA`TILLARI BERILIB, NAFAQA TO`LANADI
Ayollarga tuqqunga qadar etmish kalendar kun va tuqqanidan keyin ellik olti kalendar kun muddati bilan homiladorlik va tug`ish ta`tillari berilib, davlat ijtimoiy sug`urtasi bo`yicha nafaqa to`lanadi.
BOLASI UCh YoShGATO`LGUNChA TA`TIL, IShGA ChIQSA MAXSUS TANAFFUS
Ayolga uning xohishiga ko`ra, bolasi uch yoshga to`lgunga qadar bolani parvarishlash uchun ish haqi saqlanmaydigan qo`shimcha ta`til ham beriladi. Ta`til davrida ayolning ish joyi va lavozimi saqlanadi.
Ikki yoshga to`lmagan bolasi bor ishlaydigan ayollarga, dam olish va ovqatlanish uchun beriladigan tanaffusdan tashqari, bolani ovqatlantirish uchun qo`shimcha tanaffuslar ham beriladi. Bu tanaffuslar kamida har uch soatda bir marta har biri o`ttiz minutdan kam bo`lmagan muddat bilan beriladi.
AGAR AYoL JINOYaT QILSA...
Ayollarga ayrim jazolarni qo`llash bo`yicha ham cheklovlar mavjud.
Xususan, jinoiy jazo tariqasida majburiy jamoat ishlari yoki axloq tuzatish ishlari homilador ayollarga, uch yoshga to`lmagan bolalari bor ayollarga nisbatan qo`llanmaydi.
Bundan tashqari, homilador ayollarga va uch yoshga to`lmagan bolalari bor ayollar ehtiyotsizlik oqibatida yoki qasddan uncha og`ir bo`lmagan jinoyat sodir etsa ularga nisbatan ozodlikdan mahrum etish tariqasidagi jazo tayinlanmaydi.
Ayolga nisbatan uzoq muddatga (20 yildan ortiq 25 yildan ko`p bo`lmagan) yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin emas.
Shuningdek, homilador ayolning jinoyat sodir etishi jazoni engillashtiruvchi holat sifatida baholanadi.
“AYoLLAR DAFTARI”: BEPUL DAVOLANIShADI, MODDIY YoRDAM BERILADI
“Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning sog`ligi holati og`ir bo`lganda viloyat ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika muassasalariga yoki respublika ixtisoslashtirilgan markazlariga davolanish uchun bepul order ajratiladi. “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga BHMning 2 baravaridan 4 baravarigacha (540 ming so`mdan 1 mln. 80 ming so`mgacha) miqdorda bir martalik moddiy yordam beriladi. Shuningdek ushbu daftarga kirgan ayollarga turar-joy ijarasi bilan bog`liq xarajatlari qoplab beriladi.
BOQUVChISI YO`Q TALABA QIZLARNING KONTRAKTINI HOKIMLIK TO`LAYDI
Ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yo`q yolg`iz ayollar kontrakt asosida o`qishga kirganda kontrakt puli hokimliklar tomonidan (har bir hududdan 100 tadan) 4 o`quv yili davomida to`lab beriladi.
Shuningdek, moliyaviy ahvoli yaxshi OTMlar yuqoridagi toifaga kiruvchi 50 nafargacha xotin-qizlarni birinchi o`quv yilida bepul o`qitadi.
MA`LUMOT UChUN:
Yuqoridagi imtiyoz va engilliklar xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish bo`yicha so`nggi yillarda qabul qilingan quyidagi qonun hujjatlari asosida berilgan:
O`zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlarni tazyiqlar va zo`ravonlikdan himoya qilish to`g`risida”gi Qonuni.
Xotin-qizlarni mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo`llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to`g`risidagi Prezident Qarori (PQ-4235, 07.03.2019 y.) qabul qilingan.
Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to`g`risidagi Qonun (O`RQ–562-son, 02.09.2019 y.)
“Xotin-qizlarni ish bilan ta`minlash, ular o`rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida” Hukumat qarori qabul qilingan (919-son, 20.11.2019 y.).
“Jamiyatda ijtimoiy-ma`naviy muhitni sog`lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo`llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident Farmoni (PF-5938-son, 18.02.2020 y.) qabul qilingan.
“2020/2021 o`quv yilida O`zbekiston Respublikasining oliy ta`lim muassasalariga o`qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to`g`risida” Prezident Qarori (PQ–4749-son, 12.06.2020 y.) qabul qilingan.
“Xotin-qizlarni ijtimoiy qo`llab-quvvatlash bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Hukumat qarori (2-son, 08.01.2021 y.) qabul qilingan.
Farida EGAMBERDIEVA
tayyorladi






