Joriy yilning 15 martidan boshlab Tojikiston-O`zbekiston davlat chegarasidagi nazorat-o`tkazish punktlari faoliyati odatdagi ish rejimiga o`tkaziladi, deb xabar qilmoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Yuqumli kasalliklar nazorati faqat COVID-19 infeksiyasiga qarshi to`liq emlanganlik to`g`risidagi guvohnomani taqdim etish asosida, ya`ni Tojikiston hududida koronavirus infeksiyasi bo`yicha virusologik tekshiruvsiz amalga oshiriladi,
«Xovar» Tojikiston Milliy axborot agentligi tarqatgan xabarda qayd etilishicha, ushbu qaror mamlakatda COVID-19 yuqumli kasalligi tarqalishining oldini olish bo`yicha Respublika shtabi tomonidan qabul qilingan.
«Bu qaror Tojikiston Respublikasida epidemiologik vaziyatni yumshatish hisobga olingan holda va mamlakatdagi iqtisodiy hududlarning to`laqonli ishlashini ta`minlash, iqtisodiyotni qo`llab-quvvatlash, qo`shni davlatlar bilan iqtisodiy va ijtimoiy aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida qabul qilindi», deb yozadi «Xovar». Ushbu hujjatga ko`ra, O`zbekiston sog`liqni saqlash organlari va muassasalari, shuningdek, MDHning boshqa davlatlari tomonidan COVID-19ga qarshi emlanganlik to`g`risidagi sertifikatlar rasman tan olinadi.
Aholi orasida COVID-19 infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida himoya niqoblaridan foydalanish yuzasidan joriy etilgan majburiy tartib ham bekor qilindi.
Qarorga binoan, to`ylar, bayramlar va boshqa milliy marosimlar amaldagi qonunchilikka muvofiq o`tkazilishi mumkin.






