AsosiyJamiyat

Endilikda plastik kartalar va bank hisobraqamlardan pul o`g`rilash og`irlashtiruvchi holat sifatida e`tirof etiladi

'Endilikda plastik kartalar va bank hisobraqamlardan pul o`g`rilash og`irlashtiruvchi holat sifatida e`tirof etiladi'ning rasmi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida  “O`zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.

Majlisda ta`kidlanishicha, mamlakatimizda barcha sohalarga axborot-kommunikasiya texnologiyalari keng joriy etilayotgani odamlarning og`irini engil, uzog`ini yaqin, mushkulini oson qilmoqda. Lekin ayrim shaxslar aldash yoki insonlarning ishonchini suiste`mol qilish orqali o`zgalar mulkini talon-toroj qilmoqda. Ya`ni, elektron to`lov vositasi yoki masofaviy xizmat ko`rsatish tizimidan foydalanib, o`g`irlik jinoyatlarini sodir etmoqda.

️Bank plastik kartochkalari va bank hisobvaraqlaridan pul mablag`larining o`g`irlik yo`li bilan talon-toroj qilinayotgani fuqarolaring jiddiy e`tirozlariga sabab bo`layotir. Xususan, 2020 yilda shu mazmunda ichki ishlar organlariga 965 ta, 2021 yilda 1601 ta murojaat kelib tushgan.

Ta`kidlanganidek, bugungi kunda bank plastik kartochkalaridan pul mablag`larini o`g`irlik yo`li bilan talon-toroj qilish holatlari Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o`g`rilik) bilan malakalanadi. E`tiborli jihati, ko`p hollarda fuqarolarning bank plastik kartochkalaridan oz miqdorda talon-toroj qilinayotgani sababli ushbu qilmish Jinoyat kodeksi 169-moddasining 1-qismi bilan ayb e`lon qilinadi. Bu o`z navbatida, aybdor shaxslarga nisbatan etarlicha jazo choralarining qo`llanilmayotganiga, ularning axloqan tuzalish yo`liga o`tmayotganiga, takroran jinoiy faoliyat bilan shug`ullanishiga olib kelmoqda.

Shu jihatdan, bu kabi qilmishlar uchun Jinoyat kodeksining 168 va 169-moddalarini og`irlashtiruvchi holat sifatida javobgarlikni belgilovchi norma bilan to`ldirish taklif qilinmoqda.

Qonun loyihasining qabul qilinishi kelgusida jismoniy va yuridik shaxslarning elektron pul mablag`larini yashirin ravishda talon-toroj qilish, fuqarolarning ishonchiga kirib uning hisob raqami yoki plastik kartasidagi pul mablag`larini o`g`irlash holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

    Boshqa yangiliklar