AsosiyJamiyat

Avtobus urib ketgan 5 yoshli bolaning jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o`tkazildi

'Avtobus urib ketgan 5 yoshli bolaning jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o`tkazildi'ning rasmi

Kecha, 8 mart kuni poytaxtimizning Chilonzor tumanida avtobus piyodalarni urib yuborishi oqibatida bir kishi halok bo`lgani haqida xabar tarqaldi.

Ma`lum bo`lishicha, hodisa chamasi soat 11:30larda yuz bergan. 1996 yilda tug`ilgan haydovchi S.M. “MAN” rusumli avtobusni boshqarib ketayotib, piyodalar o`tish joyida ikki kishini urib yuborgan. Oqibatda 1952 yilda tug`ilgan R.Z. tan jarohatlari sabab vafot etgan. 2017 yilda tug`ilgan R.Ya. esa Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib kelingan.

Shundan so`ng bemor zudlik bilan bosh miya, bo`yin, ko`krak va bel umurtqa pog`onasi, ko`krak qafasi, qorin bo`shlig`i a`zolari MSKT hamda qorin bo`shlig`i va ko`krak qafasi a`zolari ultratovush tekshiruvlaridan o`tkazilgan.

Natijada unga “Avtotravma. Qo`shma jarohat. Bosh miya yopiq jarohati va chayqalishi. Qorin bo`shlig`ining yopiq jarohati. Qora taloq yorilishi. Ko`krak qafasi yopiq jarohati. O`ng o`pkaning lat eyishi.  Bosh ensa sohasining ezilib yirtilishi” kabi dastlabki tashxis qo`yilgan. Tibbiy ko`rsatma va standartlarga muvofiq bemorda zudlik bilan bir necha turdagi murakkab jarrohlik amaliyotlari bajarilgan.

Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmatining xabar berishicha, shifokorlarning sa`y-harakatlari natijasida operasiya muvaffaqiyatli o`tkazilgan.

Ko`rilgan tezkor davo choralari sababli ayni paytda bemorning umumiy ahvoli yaxshilanib, unda ijobiy o`zgarishlar kuzatilmoqda.

    Boshqa yangiliklar