AsosiyJamiyat

Bundan buyon fuqarolar istalgan avtomobil tarixiga oid ma`lumotlarni olishi mumkin — Hukumat qarori

'Bundan buyon fuqarolar istalgan avtomobil tarixiga oid ma`lumotlarni olishi mumkin — Hukumat qarori'ning rasmi

Hukumat qarori bilan “Avtomobil tarixi” ma`lumotlarini taqdim etish bo`yicha davlat xizmatini ko`rsatishning ma`muriy reglamenti tasdiqlandi. Bu haqda Huquqiy axborot ma`lum qildi.

Qarorga ko`ra, 2022 yil 1 maydan:  

  1. “Avtomobil tarixi” ma`lumotlarini shartnomaviy asosda DXM, YaIDXP (my.gov.uz) yoki veb-saytlar va ularning ilovalari orqali aniqlash bo`yicha davlat xizmati yo`lga qo`yiladi;
  2.  avtotransportni texnik ko`rikdan o`tkazish jarayonida avtotransportning bosib o`tgan masofasi haqidagi ma`lumotlar, jumladan, texnik ko`rikdan o`tkazuvchi tadbirkorlar tomonidan ham majburiy tartibda axborot tizimiga kiritiladi.

“Avtomobil tarixi” ma`lumotlari quyidagilarni o`z ichiga oladi:

  • avtotransportning agregat ma`lumotlari;
  • bosib o`tgan masofasi;
  • shartnoma tuzilganligiga oid ma`lumotlar (ishonchnoma, ijara, hadya);
  • yo`l-transport hodisasi sodir etilganligi;
  • qoidabuzarliklar holati;
  • garovga qo`yilganlik holati;
  • taqiq borligi yoki yo`qligi;
  • bojxona rasmiylashtiruviga oid ma`lumot;
  • lisenziya olinganlik holati (yo`lovchi tashish uchun).

Davlat xizmatidan foydalanish uchun so`rovnoma to`ldiriladi (DXM, YaIDXP, veb-sayt yoki ilova orqali).  

Davlat xizmati uchun BHMning 10 foizi (27 ming so`m) miqdorida yig`im undiriladi.

Ma`lumotlar real vaqt rejimida tayyorlanadi va ariza beruvchiga taqdim etiladi.

 Ma`lumotnoma shaxsga doir ma`lumotlar oshkor etilmagan holda beriladi (avtotransport mulkdori tomonidan o`z “Avtomobil tarixi”ni bilish uchun yo`llangan so`rovnomalar bundan mustasno).

Ma`lumotnoma axborot xususiyatiga ega bo`lib, kelgusida rasmiy harakatlarni amalga oshirish uchun asos bo`lmaydi.

Ariza beruvchilar O`zbekistonda ro`yxatdan o`tgan istalgan avtomobil haqida ma`lumot olishi mumkin.

    Boshqa yangiliklar