AsosiyJamiyat

O`zbekistonda avtomobil xaridida bir qator engilliklar yaratiladi

'O`zbekistonda avtomobil xaridida bir qator engilliklar yaratiladi'ning rasmi

Qonunchilik palatasining bugun, 9 mart kuni bo`lib o`tgan yalpi majlisida “Davlat boji to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuniga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi birinchi o`qishda qabul qilindi. Bu haqda O`zA ma`lum qildi.

Qayd etilishicha, ushbu qonun loyihasi bilan mamlakatimizda bir qator davlat bojlari kamaytiriladi. Jumladan, 2021 yil dekabr oyidan beri kutilayotgan ikkilamchi bozordan avtomobil xarid qilinganda uni boshqa shaxs nomiga notarial rasmiylashtirishda to`lanadigan davlat boji stavkalari pasaytirilishi belgilanmoqda.

Qonun loyihasiga ko`ra, transport vositasi dvigateli quvvatining ot kuchi va ishlab chiqarilgan sanasidan qat`i nazar, uning oldi-sotdi shartnomasini notarial tasdiqlash narxi BHMning 3 barobari (810 ming so`m) etib belgilanmoqda.

Taklif etilayotgan ushbu o`zgarish natijasida endilikda bitta avtomobil oldi-sotdisini notarial tasdiqlash xarajatlari o`rtacha 1 million so`m atrofida kamayishiga erishiladi. Narxi qimmat avtomobillarda esa bundan ham ko`proq tejab qolinadi.

Ma`lumotlarga ko`ra, bugungi kunda mamlakatda bir yil davomida o`rtacha 400 mingdan ziyod ikkilamchi avtomobil oldi-sotdilari amalga oshiriladi.

Mazkur qonun loyihasining kuchga kirishi bilan yiliga davlat boji to`lovlaridan tejalgan 400 milliard so`m atrofida mablag` fuqarolar yonida qolishini anglatadi.

Shuningdek, begona shaxsga avtotransport vositasini tassarruf etish huquqi bilan notarial ishonchnoma berish boji ham kamaytirilib, BHM ning 2 barobari (540 ming so`m) etib belgilanmoqda.

    Boshqa yangiliklar