“Maxsus operasiya” boshlanganidan beri Rossiya qurolli kuchlari Ukrainadagi 2900 dan ortiq harbiy infratuzilma ob`ektlarini yo`q qilgan. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi rasmiy vakili general-mayor Igor Konashenkov ma`lum qildi.
Unga ko`ra, Ukraina harbiy infratuzilmasiga zarbalar berish davom etmoqda.
“Operasiya davomida Ukrainaning jami 2911 ta harbiy infratuzilma ob`ekti yo`q qilindi. Ulardan: 97 ta samolyot, 107 ta dron, 141 ta havo hujumiga qarshi mudofaa tizimi, 86 ta radiolokasiya posti, 986 ta tank va boshqa zirhli jangovar texnika, 107 ta reaktiv tizimlar, 368 dala artilleriyasi va minomyotlar, 749 dona maxsus harbiy mashinalar”, degan general.
Shu o`rinda rus harbiylari fuqarolik infratuzilmalariga ham zarar etkazayotganini qayd etish lozim. Xususan, kecha, 9 mart kuni Mariupolda tug`uruq kompleksiga artilleriyadan hujum qilindi. Natijada tibbiyot muassasasi vayron bo`ldi.






