Evropa Ittifoqi va O`zbekiston 2021−2027 yillarga mo`ljallangan hamkorlikni kengaytirish bo`yicha Ko`p yillik indikativ dasturni ishga tushirdi. U uchta asosiy yo`nalishni o`z ichiga oladi: samarali davlat boshqaruvi va raqamli transformasiya, inklyuziv va raqamli yashil o`sish hamda «aqlli» va ekologik toza qishloq xo`jaligi sektorini rivojlantirish. Dasturni moliyalashtirish uchun 83 mln evro, jumladan, fuqarolik jamiyati va inson huquqlarini rivojlantirishni qo`llab-quvvatlash uchun 7 mln evro ajratildi.
10 mart kuni Toshkentda Evropa Ittifoqining O`zbekiston uchun 2021−2027 yillarga mo`ljallangan yangi ko`p yillik indikativ dasturini ishga tushirishga bag`ishlangan konferensiya bo`lib o`tdi.
Ishtirokchilarga bosh vazir o`rinbosari, investisiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov hamda Evropa Ittifoqining xalqaro bo`yicha komissari Yutta Urpilaynen videomurojaat bilan chiqdi.
Evrokomissar, xususan, joriy yilning iyul oyida Markaziy Osiyo va Evropa Ittifoqining o`zaro bog`liqligi bo`yicha konferensiyada ishtirok etish uchun O`zbekistonga tashrif buyurishni rejalashtirayotganini aytdi. Anjumanda Evropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrelning ham ishtirok etishi kutilmoqda.
Tadbirda investisiyalar va tashqi savdo vaziri o`rinbosari Badriddin Obidov va Evropa Ittifoqi elchisi Sharlotta Adrian ishtirok etdi.
Tadbir davomida 2021−2027 yillarga mo`ljallangan navbatdagi dastur sikli doirasida Evrokomissiya bilan ikki tomonlama moliyaviy va texnik hamkorlik yo`nalishlari muhokama qilindi.
Yangi indikativ dastur 2021−2024 yillar uchun 83 mln evro, shu jumladan texnik yordam va byudjetni qo`llab-quvvatlash bo`yicha hamkorlikda ishlab chiqilgan loyiha va dasturlarga 76 mln evro, shuningdek fuqarolik jamiyati va inson huquqlarini rivojlantirish bo`yicha faoliyatni qo`llab-quvvatlash uchun 7 mln evro ajratadi.
Tomonlar qishloq xo`jaligi va yashil o`sishni qo`llab-quvvatlash, davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish va raqamlashtirish, jumladan, sud-huquq va transport-logistika tizimlari, sarmoyaviy muhitni yaxshilash, shuningdek, Orol dengizi mintaqasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo`yicha loyiha va tadbirlarni amalga oshirishni muhokama qildilar.
Indikativ dastur islohot Evropa qadriyatlariga mos keluvchi islohotlar, shu jumladan GSP+ doirasidagi majburiyatlarni amalga oshirish va monitoring qilish uchun turtki beradigan uchta asosiy yo`nalishga asosiy e`tiborni qaratadi:
- Demokratik boshqaruv, qonun ustuvorligi va davlat xizmatlari sifatini oshirish sohasidagi hukumat islohotlarini qo`llab-quvvatlovchi samarali davlat boshqaruvi va raqamli transformasiya (moliyalashning 17 foizi).
- Inklyuziv, raqamli va yashil o`sish, bunda asosiy urg`u raqamli «yashil» o`tish, iqlim o`zgarishi bilan bog`liq masalalarni hal qilishni qo`llab-quvvatlashga qaratiladi; tabiiy resurslarni (jumladan suv taqchilligida) barqaror boshqarish hamda raqamli savodxonlik, bozorga yo`naltirilgan «yashil» o`tish jarayonida ilm-fan va texnologiyalarni qo`llashni kuchaytirish yo`li bilan «yashil» ishchi o`rinlarni tashkil etish mumkin bo`lgan investisiyalar va muhitning gender jihatlarni rag`batlantirish (moliyalashtirishning 40 foizi).
- Qishloqlarning turmush sharoitini yaxshilash hamda milliy oziq-ovqat xavfsizligi va ovqatlanishni yaxshilash uchun aqlli, yashil va barqaror yondashuvlarni qo`llash uchun agrooziq-ovqat sektorini modernizasiya qilish (moliyalashning 36 foizi).
Gender tengligi, inson huquqlari, raqamlashtirish, yoshlar va fuqarolik jamiyati bilan hamkorlik sohasidagi dasturlar (moliyalashning 7 foizi) alohida faoliyat sifatida ishlab chiqilgan va butun indikativ dastur doirasida muhim ahamiyatga ega, deyiladi EI materialida.






