Avvalroq, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag`ishlangan tantanali marosimdagi nutqida kelgusi o`quv yilidan boshlab magistraturada o`qiyotgan barcha qizlarning kontrakt pullari to`liq byudjetdan qoplab berilishini aytib o`tgan edi.
Bugun, “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo`llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.
Farmonga muvofiq, 2022 yil 1 sentyabrdan byudjet tashkilotlaridan boshqa barcha yuridik shaxslarda oxirgi 6 oyda uzluksiz ish staji bo`lgan ayollarga har oy uchun minimal iste`mol xarajatlari miqdoridan kelib chiqib byudjet hisobidan homiladorlik va tug`ish nafaqasi to`lanadi.
2022/2023 o`quv yilidan:
OTM, texnikum va kollejlarda, sirtqi va kechki ta`limda o`qiyotgan xotin-qizlar kontraktlarini to`lash uchun 7 yilga foizsiz kredit berish uchun banklarga byudjetdan har yili 1,8 trillion so`m yo`naltiriladi;
- davlat OTMlarida magistraturada o`qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to`lovlari qoplab beriladi va bunga har yili kamida 200 milliard so`m ajratiladi;
- xorijiy OTMlarga bakalavriat uchun – 50 nafar, magistratura uchun – 10 nafar xotin-qizlarga har yili “El-yurt umidi” jamg`armasi orqali qo`shimcha grantlar ajratiladi;
- har yili 2 100 nafar ijtimoiy ehtiyojmand oila vakillari, etim yoki ota-onasining qaramog`idan mahrum bo`lgan talaba xotin-qizlarning ta`lim kontraktlari mahalliy byudjetdan to`lab beriladi;
- mutaxassisligi bo`yicha kamida 5 yil mehnat stajiga ega, lekin oliy ma`lumotga ega bo`lmagan 500 nafar xotin-qizlar har yili Oila va xotin-qizlar davlat qo`mitasi tavsiyanomalariga asosan davlat OTMlariga umumiy kvotadan tashqari alohida test sinovlari natijalariga muvofiq kontrakt asosida o`qishga qabul qilinadi;
- davlat ilmiy tashkilotlari yoki OTM doktoranturasiga xotin-qizlar uchun har yili kamida 300 tadan maqsadli kvota ajratib boriladi.






