AsosiyJamiyat

Senatning 24-yalpi majlisi 17 mart kuni chaqiriladi

'Senatning 24-yalpi majlisi 17 mart kuni chaqiriladi'ning rasmi

Bugun, 10 mart kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo`lib o`tdi. Uni Senat Raisi Tanzila Narbaeva olib bordi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati ma`lum qildi.

Majlisda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma to`rtinchi yalpi majlisini 2022 yil 17 mart kuni chaqirish to`g`risida qaror qabul qilindi.

Qayd etilganidek, videokonferensaloqa shaklida ikki kun davomida bo`lib o`tadigan yalpi majlis doirasida bir qator masalalar ko`rib chiqilishi nazarda tutilgan.

“O`zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to`g`risida”gi, “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to`g`risida”gi, “Kiberxavfsizlik to`g`risida”gi, “Organik mahsulotlar to`g`risida”gi, “Reklama to`g`risida”gi qonunlar shular jumlasidandir.

Bundan tashqari, “O`zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga etkazilgan zararni qoplash tartibini takomillashtirishga qaratilgan qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi, “Inson a`zolari va to`qimalarining  transplantasiyasi to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan  O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish haqida”gi, “Korporativ boshqaruv tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi qonunlar muhokama etilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, senatorlar O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo`yicha vakili (ombudsman)ning 2021 yildagi faoliyati to`g`risidagi hisobotini eshitadi.

Yalpi majlisda Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanining chegaralarini o`zgartirish va Ko`kdala tumanini tashkil etish masalasi ko`rib chiqiladi.

Shu bilan birga, Tashqi ishlar vazirligining 2021 yildagi faoliyati to`g`risidagi, ichki ishlar vazirining huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati to`g`risidagi 2021 yil yakuni bo`yicha, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining  davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini ta`minlash borasida amalga oshirilgan ishlar to`g`risidagi axborotlari eshitilishi ham rejalashtirilgan.

Senatorlar tomonidan qon va uning tarkibiy qismlari donorligi sohasini rivojlantirish uchun ko`rilayotgan choralar to`g`risida Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so`rovi natijalarini ko`rib  chiqish nazarda tutilgan.

Yalpi majlisda Oliy Majlis Senati Agrar va suv xo`jaligi masalalari qo`mitasining 2020-2021 yillardagi faoliyati to`g`risidagi hisoboti ham eshitiladi.

Shu bilan birga, senatorlar O`zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlarini hamda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qarorlarini tasdiqlash masalalarini ko`rib chiqadi.

Shuningdek, Senat Kengashining majlisida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlariga asosan tayinlangan hamda O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining qarorlariga muvofiq ro`yxatga olingan senatorlar Zulayxo Baxriddinovna Maxkamova va Gulnora Maxmudovna Marufova Senatning tegishli qo`mitalari a`zolari etib saylandi.

 

    Boshqa yangiliklar