So`ngi vaqtlarda keng jamoatchilik orasida qonun hujjatlari loyihalaridagi korrupsiya alomatalarini aniqlash, shuningdek aniqlangan korrupsiyaviy omillarni qonun hujjatlari loyihalaridan chiqarib tashlash tartiblari bo`yicha keng muhokamalar bo`lib turibdi.
Ko`pchilikning xabari bo`lsa kerak, yangi tahrirda qabul qilingan “Normativ-huquqiy hujjatlar” to`g`risidagi qonunning 25-moddasida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari huquqiy ekspertiza bilan bir qatorda korrupsiyaga qarshi ekspertizadan ham o`tkazilishi shartligi to`g`risida qat`iy norma belgilandi.
Shu asosda Normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o`tkazish tartibi to`g`risidagi Nizom qabul qilindi.
Adliya vazirligi mavzu doirasida keng muhokamada bo`lgan savollarga javob berdi.
1-SAVOL: Korrupsiyaviy omillarni aniqlashda cheklist tartibi joriy etilganliga aytilgandi. Umumun ushbu tartib qanday shu haqida ma`lumot bersangiz?
Yuqorida aytib o`tgan Normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o`tkazish tartibi to`g`risidagi Nizom bilan davlat organlari va tashkilotlari tomonidan cheklist to`ldirish orqali korrupsiyaviy omillarni aniqlashni nazarda tutuvchi yangi tartib joriy etildi. Bunda, hujjatning har bir normasi va qoidasi tahlil qilinib, korrupsiyaviy omil bor yoki yo`qligi cheklistda aks ettiriladi.
Cheklist bu — normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarida korrupsiyaviy omillarni aniqlash bo`yicha namunaviy shakldagi savolnoma hisoblanadi.
Korrupsiyaga qarshi ekspertiza o`tkazish natijalari bo`yicha to`ldirilgan cheklist loyihaning jamoatchilik muhokamasi, idoralararo kelishuv, huquqiy ekspertizadan o`tkazish bosqichlarida loyihaga ilova qilinadi.
2-SAVOL: Korrupsiyaga qarshi ekspertiza kim tomonidan o`tkaziladi?
Amaldagi qonunchilikka ko`ra, korrupsiyaga qarshi ekspertiza loyihalarning korrupsiyaga qarshi ekspertizasi ishlab chiquvchi va loyiha huquqiy ekspertiza o`tkazish uchun kelib tushganda esa adliya organlari tomonidan o`tkaziladi. Shu bilan birga korrupsiyaga qarshi ekspertiza normativ-huquqiy hujjatni qabul qiluvchi, shuningdek, loyihalar kelishilishi lozim bo`lgan davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ham o`tkazilishi mumkin.
Shuningdek, Prezidentning 2021 yil 22 oktyabrda qabul qilingan PQ–5263-son qaroriga asosan ilmiy tashkilotlar va oliy ta`lim muassasalari vakillari hamda jismoniy shaxslarga qonunchilik hujjatlari va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ilmiy va mustaqil ekspertizadan o`tkazish huquqi berildi.
Bunda ilmiy va mustaqil ekspertizadan o`tkazish natijalari bo`yicha xulosalar tegishli davlat organlari va tashkilotlari tomonidan majburiy ko`rib chiqishi belgilandi.
3-SAVOL:Qonun hujjatlari loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o`tkazish jaryonlari haqida ma`lumot bersangiz. Nechi bosqichda amalga oshiriladi.
Qonun hujjatlari loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o`tkazish quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi.
Birinchi bosqichda normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi, ishlab chiquvchi tomonidan korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o`tkaziladi, natijasi bo`yicha cheklist to`ldiriladi.
Ikkinchi bosqichda loyiha va cheklist jamoatchilik muhokamasidan o`tkaziladi.
Uchinchi bosqichda ishlab chiquvchi tomonidan jamoatchilik muhokamasidan o`tkazish natijalari bo`yicha qayta ishlangan loyiha, cheklist va boshqa zarur materiallarni huquqiy ekspertiza o`tkazish uchun adliya organlariga kiritiladi.
To`rtinchi bosqichda esa adliya organlari tomonidan korrupsiyaga qarshi ekspertiza o`tkazilib, natijasi bo`yicha xulosa taqdim etiladi.
So`nggi bosqichda ishlab chiquvchi loyiha, cheklist va boshqa zarur materiallarni Vazirlar Mahkamasi yoki normativ-huquqiy hujjatni qabul qiluvchi davlat organiga kiritadi.
4-SAVOL: Adliya vazirligi tomonidan qonun hujjatlari loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o`tkazish bilan bog`liq qanday ishlar amalga oshirildi.
Adliya vazirligi tomonidan qonun hujjatlari loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertiza jaryonini takomillashtirish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2022 yilda normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o`tkazish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori loyihasi ishlab chiqildi.
Natijada, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o`tkazish natijasida 190 ta qonunchilik hujjatlarining 51 tasida 139 ta korrupsiyaviy omillar aniqlandi.
Bir so`z bilan aytganda, Adliya vazirligi tomonidan 2021 yilda amaldagi qonunchilik hujjatlarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o`tkazish natijalariga ko`ra 800 dan ortiq qonunchilik hujjatlari korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o`tkazildi. 224 ta yoki 28 foiz hujjatda 650 dan ortiq korrupsiyaviy omillar aniqlandi.
Shu bilan birgalikda, Adliya vazirligi tomonidan “adliya_korrupsiyasizqonun_bot” nomli maxsus bot ishga tushirildi. Ushbu bot orqali qonunchilik hujjatlaridagi mavjud korrupsiyaviy normalar hamda byurokratik to`siq va cheklovlar yoki asossiz xarajatlarga olib keluvchi qoidalar yuzasidan yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlari qabul qilinmoqda.
Adliya vazirligi korrupsiyaga qarshi kurash boradasidagi ishlarni jadal ravishda amalga oshiradi va o`z oldigan qo`ygan maqsadlar sari qadam tashlashda keng jamoatchilik faollarini hamkorlikka chaqirib qoladi.






